Toshkentda yirik yashirin narkolaboratoriya fosh etildi
3-sahifa
−
02 mart 2032 1 daqiqa
Bugun, 2 mart kuni Toshkent shahrida katta miqdorda giyohvand moddalar tayyorlagan va tarqatgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 1979 yilda tug‘ilgan shaxs poytaxtdagi ko‘p qavatli uylar yo‘laklari va boshqa joylarga xorijdan olib kelingan giyohvand moddalarni yashirib ketayotgan vaqtida tezkor tadbir davomida ushlangan. Uning yonidan va avtomobilidan 15 dona “Alfa PVP” hamda 24 dona “Mefedron” moddasi topilgan.
Shuningdek, gumonlanuvchining yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda, uy yerto‘lasida tashkil etilgan narkolaboratoriya aniqlangan. Tezkor tadbirlar davomida jami 2,8 kilogramm giyohvand moddalar, 11,5 litr prekursorlar hamda narkotik tayyorlashda foydalaniladigan anjomlar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Bundan tashqari, uning telefonidagi geolokatsiya ma’lumotlari asosida Sirdaryo viloyati Xovos tumanidagi yashirin joydan yana 49,9 kilogramm va 48 litr prekursorlar topilib, musodara qilingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatining Zangiota tumanida katta miqdorda psixotrop saqlagan shaxslar qo‘lga olingandi.
Live
Barchasi