Toshkentdagi “Askiya” bozori vaqtincha yopildi
Jamiyat
−
10 aprel 2101 2 daqiqa
Toshkent shahrida joylashgan “Askiya” dehqon bozorida yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etilmagani sababli bozor faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, poytaxtdagi qator bozorlar va savdo ob’ektlarida davlat yong‘in nazorati doirasida tekshiruvlar o‘tkazilgan. Nazorat tadbirlari chog‘ida bir nechta hududlarda yong‘in xavfsizligi qoidalari qo‘pol ravishda buzilgani aniqlangan.
Xususan, Yakkasaroy tumanida joylashgan “Askiya” dehqon bozorida aniqlangan kamchiliklar bozorning umumiy holati belgilangan talablarga javob bermasligini ko‘rsatgan. Shu sababli ob’ekt elektr ta’minotidan uzilib, uning ish faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan.
Qolaversa, tekshiruvlar davomida Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Navro‘z” dehqon bozori, Bektemir tumanidagi Midstroy servis MCHJ, “Qo‘yliq” qurilish bozori, Chilonzor tumanidagi Tashkent trade center MCHJ, “Abu Saxiy” bozori hamda Uchtepa tumanidagi “Farhod” dehqon bozorining ayrim hududlarida ham qoidabuzarliklar aniqlangan. Ushbu ob’ektlarda kamchilik kuzatilgan joylar elektr energiyasidan vaqtincha ajratilgan.
Bundan tashqari, “O‘rikzor” savdo kompleksining to‘qqizta bloki ham vaqtincha elektr ta’minotisiz qoldirilgan.
FVV ma’lumotiga ko‘ra, aniqlangan barcha kamchiliklar bartaraf etilganidan keyin elektr ta’minoti qayta tiklanadi va ob’ektlar faoliyatini davom ettiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida joylashgan qurilish bozorining (Stroy gorod) 2-blokida faoliyat vaqtincha to‘xtatilgandi.
Live
Barchasi