Tojikiston banknotasi dunyoning eng yaxshi pul belgilari qatoriga kirdi
Olam
−
27 aprel 7076 2 daqiqa
Tojikistonda 2025 yilda muomalaga chiqarilgan 100 somoniy nominaldagi banknota nufuzli har yilgi xalqaro “Yil banknotasi” tanlovida ishtirok etib, dunyoning eng yaxshi pul belgilari ro‘yxatidan joy oldi. Bu haqda Xalqaro banknotalar jamiyatining (IBNS) rasmiy saytida xabar berildi.
IBNS ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil davomida butun dunyo bo‘ylab 100 ga yaqin yangi banknotalar chiqarilgan bo‘lsa-da, ulardan faqat 17 tasi dizayni va texnologiyasi bo‘yicha yetarlicha innovatsion deb topilib, nominantlar ro‘yxatiga kiritilgan.
Ushbu tanlanganlar orasida Markaziy Osiyo sharafini himoya qilgan Tojikiston kupyurasi ham bor. Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi hududidan Tojikiston bilan bir qatorda Rossiya (1000 rubl) va Qozog‘iston (1000 tenge) ham nominatsiyada ishtirok etgan.
100 somoniylik banknota moviy, ko‘k, pushti va yashil ranglar ustuvor bo‘lgan yorqin ko‘p rangli gammada ishlangan. Uning badiiy konsepsiyasi milliy tarix va davlatchilikni aks ettiradi. Old tomonida Ismoil Somoniy hamda mamlakatning muhim tarixiy-madaniy ramzi bo‘lgan Somoniylar maqbarasi tasvirlangan. Kompozitsiyani Tojikiston gerbi, 25 yillik esdalik logotipi va murakkab geometrik elementlar to‘ldiradi.

Banknotaning orqa tomoni zamonaviy davlatchilikka bag‘ishlangan: unda parlamentning yangi binosi, davlat bayrog‘i, shuningdek, tojik va ingliz tillaridagi matnlar aks etgan.
Ishlab chiquvchilar banknota himoyasiga alohida e’tibor qaratgan. U zamonaviy xavfsizlik elementlari, jumladan, Ismoil Somoniy portreti tushirilgan suv belgisi, ranglari o‘zgaruvchan RollingStar elementlari, dinamik effektga ega va yashirin “100” soni aks etgan himoya ipi, shuningdek, o‘zaro moslashuvchi tasvirlar va murakkab geometrik tuzilmalar bilan jihozlangan. Banknota Germaniyaning Giesecke & Devrient kompaniyasida bosilgan va 2025 yil 30 oktyabrda muomalaga chiqarilgan.
Dizayni yuqori baholanganiga qaramay, Tojikiston banknotasi sovrindorlar qatoriga kira olmagan. Tanlov g‘olibi deb Kyurasao va Sint-Martenning original “suv osti” mavzusi va murakkab gibrid dizayni bilan ajralib turuvchi 200 guldenlik kupyurasi topilgan.

Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni Fiji va Zambiya banknotalari egallagan bo‘lsa, kuchli beshlikdan Folklend orollari va Papua – Yangi Gvineya pul belgilari ham joy olgan.
IBNS nominantlari qatoriga kirish xalqaro miqyosdagi muhim e’tirof hisoblanadi. Ushbu tanlov banknota dizaynining eng yaxshi namunalarini birlashtirib, ularni nafaqat to‘lov vositasi, balki san’at asari va milliy o‘zlikni ifodalovchi vosita sifatida baholaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron Markaziy banki mamlakat tarixidagi eng yirik nominal – 10 million riallik (taxminan 7 AQSH dollari) banknotani muomalaga kiritgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi