Tojikistonda qor qoplonini ovlaganlarga jazo kuchaytirildi
Olam
−
25 dekabr 2025 2312 2 daqiqa
Tojikiston parlamenti qor qoplonini ovlash va noqonuniy muomalasi uchun jazoni qat’iylashtiruvchi o‘zgartishlarni Jinoyat kodeksiga kiritdi. Bu haqda parlamentning “Sadoi mardum” gazetasi xabar berdi.
Yangi tahrirga ko‘ra, 232-1-modda endi “Qor barsini ovlash, qasddan yo‘q qilish, shuningdek, uni noqonuniy olish, saqlash, topshirish yoki sotish” deb nomlanadi. Avval modda faqat ovlash va qasddan yo‘q qilishni qamrab olgan edi.
Endilikda ushbu qoidabuzarliklar uchun 1200–1800 hisob ko‘rsatkichigacha (117-175 mln so‘m) jarima yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilandi. Oldingi tahrirda jarima miqdori 800–1200 hisob ko‘rsatkichi (78-117 mln so‘m) bo‘lgan, shuningdek, 2 yilgacha tuzatish ishlari yoki 3 yilgacha qamoq jazosi ko‘zda tutilgan edi.
Agar ushbu harakatlar takror sodir etilsa, 2000–3000 hisob ko‘rsatkichigacha (195-292 mln so‘m) jarima yoki 4 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi qo‘llanadi. Shuningdek, 5 yilgacha muayyan lavozimlarni egallash yoki faoliyat bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum etish ham nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, Jinoyat kodeksining 236-moddasiga (alohida muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar va ob’ektlar rejimini buzish) ham o‘zgartish kiritilib, agar yetkazilgan zarar juda katta miqdorda bo‘lsa, jarima 500 hisob ko‘rsatkichigacha (48,7 mln so‘m) oshirildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi qor qoplonini mamlakatning milliy ramzi sifatida tan olish to‘g‘risida qaror qabul qilgandi.
Live
Barchasi