Tojikistondan keltirilgan 32 kg narkotik ushlandi (video)

3-sahifa

image

Farg‘ona viloyatida Tojikistondan keltirilgan jami 32 kilogramm narkotik modda ushlab qolindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi. 

Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Tojikistondan kontrabanda qilingan giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullanuvchi fuqaroning Qo‘qon shahridagi yashash xonadoni ko‘zdan kechirilgan.

Natijada xonadon oshxonasida 4 kilogramm 572 gramm “opiy” hamda 1 kilogramm 58 gramm “gashish” moddalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan. 
Shuningdek, unga tojikistonlik narkosavdogarlar WhatsApp messenjeridan yuborgan geolokatsiya orqali muqaddam Dang‘ara tumani hududiga yashirib ketilgan 9 kilogramm 980 gramm “opiy” moddasi olingan.

Bundan tashqari, unga giyohvandlik vositalarini qayta ishlab, iste’molga tayyor holatga keltirish uchun yordam bergan, Qo‘qon shahrida istiqomat qiluvchi shaxs o‘zining yashash xonadonida narkolaboratoriya tashkil qilgani aniqlanib, undan ham 7 kilogramm 226 gramm “opiy” moddasi olingan.

Boshqa holatda esa Qo‘qon shahri hududida harakatlanayotgan mahalliy fuqaro boshqaruvidagi Lacetti rusumli avtotransport vositasi to‘xtatilib ko‘zdan kechirilganda, unda muqaddam 34 ming AQSH dollariga sotib olingan 5 kilogramm 22 gramm “opiy” moddasi borligi ma’lum bo‘lgan.

So‘ngra tezkor tadbir davom ettirilib, unga narkotik moddani sotgan hamshahari va uning jinoiy sherigi bo‘lgan Tojikiston Respublikasi fuqarosi qo‘lga olingan.

Shuningdek, tojikistonlik fuqaroning O‘zbekiston tumanidagi xonadonidan ham 2 kilogramm 362 gramm “opiy” moddasi olingan.

Qo‘qon shahrida qayd etilgan yana bir holatda Nexia rusumli avtomashina to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan va unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan fuqaroga tegishli sumka ichida 982 gramm “gashish” moddasi borligi ma’lum bo‘lgan.

Aniqlanishicha, u giyohvandlik vositasini muqaddam tojikistonlik narkokur’erlar tomonidan Qo‘qon shahri hududiga yashirib ketilgan xufiya joydan olgan. 

Farg‘ona shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa bir shaxs Tojikiston Respublikasidan olib kelingan 989 gramm “gashish” moddasini xaridorga 150 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. 

Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 246- (kontrabanda) va 273-moddalari (giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryo viloyatida ijtimoiy tarmoqlar orqali giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar qo‘lga olingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Tojikiston narkotik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing