Tojikistondan dinozavrning bosh suyagi topildi
Olam
−
25 Oktabr 4446 1 daqiqa
Rossiyaning Sankt-Peterburg davlat universiteti olimlari Tojikistonda o‘rdaktumshuq (gadrozaur turidagi) dinozavrning bosh suyagidan bir bo‘lakni topdi. Bu haqda “Asia-Plus” xabar berdi.
Mutaxassislarning aytishicha, bu hududda dinozavrlarga oid topilmalar juda kam uchraydi.
Eng qizig‘i, suyak deyarli mukammal holatda saqlangan. Bu esa olimlarga bu dinozavr qaysi guruhga mansubligini aniqlash, hattoki yangi tur sifatida ta’riflash imkonini berishi mumkin.
Tadqiqotchilar guruhiga rahbarlik qilgan, universitetning umurtqali hayvonlar zoologiyasi kafedrasi dotsenti Pavel Skuchas ushbu dinozavrlar o‘txo‘r bo‘lganini ma’lum qilgan.
“Bu dinozavrning tumshuq (yuzning old qismi) sohasidagi suyagi. U o‘simlik bilan oziqlanadigan, tumshuqli hayvon bo‘lgan”, degan Skuchas.
Hozir mutaxassislar topilmani boshqa mamlakatlarda saqlanayotgan dinozavr suyaklari bilan solishtirib, chuqur tadqiqot o‘tkazmoqda.
Topilma Tojikistonning aynan qaysi hududidan chiqqani hozircha e’lon qilinmagan.
Universitet vakillariga ko‘ra, bunday suyakning Tojikistonda topilishi shuni ko‘rsatadiki, mezazoy davrida bu hududda turli xil dinozavrlar, jumladan, o‘simlikxo‘r gadrozaur oilasiga mansub dinozavrlar yashagan bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qoraqalpog‘istondan bundan 70 million yillar avval yashagan deb taxmin qilinayotgan dinozavrning suyaklari topilgandi.
Live
Barchasi