Tramp Eron rahbariyati bilan uchrashishga tayyorligini aytdi
Olam
−
20 aprel 3749 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp, agar delegatsiyalar bo‘lajak muzokaralarda muvaffaqiyatga erishsa, Eron rahbariyati bilan uchrashishga tayyorligini bildirdi. Bu haqda u “The New York Post” nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Nashrning yozishicha, Tramp AQSH va Eron o‘rtasidagi muzokaralar muvaffaqiyatsizlikka uchrashi mumkinligi haqidagi taxminlarni “bir chetga surib qo‘ygan”. Oq uy rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Amerika delegatsiyasi allaqachon Islomobodga yo‘l olgan. Delegatsiya tarkibidan vitse-prezident Jey Di Vens, maxsus vakil Stiv Vitkoff va maslahatchi Jared Kushner joy olgan.
“Ular hozir u yerga yo‘l olishmoqda. Islomobod vaqti bilan bugun oqshom o‘sha yerda bo‘lishadi”, deydi AQSH Prezidenti.
Maqolada aytilishicha, Tramp agar imkoniyat tug‘ilsa, Islom Respublikasi rahbariyati bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri uchrashishdek “radikal diplomatik qadam”ga tayyorligini tushuntirgan.
“Ular bilan uchrashish men uchun muammo emas. Agar ular uchrashishni xohlashsa, bizda juda qobiliyatli odamlar bor – men ular bilan ko‘rishishga qarshi emasman”, deydi Tramp.
Biroq u buning uchun Eron yadro qurolini yaratishga bo‘lgan har qanday urinishdan voz kechishi kerakligini ta’kidlagan. Bundan tashqari, AQSH rahbari Eron “talablarga rioya qilsa, gullab-yashnash salohiyatiga ega” ekanini qo‘shimcha qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp blokadani yorib o‘tmoqchi bo‘lgan Eron kemasiga hujum qilingani haqida xabar bergan edi. U dengiz piyodalari kemani nazorat ostiga olganini aytgan. Eron esa bunga javob choralarini e’lon qilgan.
Keyinchalik AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) Eron tankerini qo‘lga olish aks etgan kadrlarni e’lon qildi – video idoraning X ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy akkauntida tarqatildi.
Live
Barchasi