Tramp Eronga qarshi urushda g‘alaba qozonganini aytdi
Olam
−
12 mart 8912 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp AQSH Eronga qarshi urushda birinchi soatning o‘zida g‘alaba qozonganini aytdi. Bu haqda Oq uy rahbari Kentukki shtatidagi Xebron shahrida o‘tkazilgan mitingda aytib o‘tdi.
“Biz g‘alaba qozondik. Birinchi soatning o‘zida hammasi tugadi”, degan Tramp.
Uning so‘zlariga ko‘ra, harbiy operatsiya davomida AQSH qo‘shinlari Eronning 58 ta harbiy kemasini yo‘q qilgan va Islom Respublikasining harbiy imkoniyatlariga jiddiy zarba bergan.
Shu bilan birga, Donald Tramp Vashington mojaroni hozircha tugatish niyatida emasligini ta’kidlagan.
“Biz juda erta ketishni istamaymiz. Bu ishni oxirigacha yetkazishimiz kerak”, degan Tramp.
Prezidentning aytishicha, AQSH har ikki yilda shunday vaziyatga qaytib qolishni istamaydi.
Avvalroq, “Axios” nashriga bergan intervyusida Donald Tramp urush yaqin vaqtda yakunlanishi mumkinligini aytgan. Uning ta’kidlashicha, Eronda muhim nishonlar deyarli qolmagan va AQSH hamda Isroil rejalashtirilgandan tezroq katta zarar yetkazgan.
Biroq, amerikalik va isroillik manbalarga ko‘ra, ikki davlat Eronga qarshi hujumlarni kamida yana ikki hafta davom ettirishni rejalashtirmoqda.
Donald Tramp Hormuz bo‘g‘ozi orqali neft tashish to‘sib qo‘yilsa, mojaro yanada keskinlashishi mumkinligini ham aytgan edi. Eron kuchlari ayrim kemalar harakatiga to‘sqinlik qilib, ularga hujumlar uyushtirmoqda, bu esa energiya narxlarining o‘sishiga sabab bo‘lmoqda.
Neft narxining keskin qimmatlashishi AQSH hukumati uchun 3–4 hafta ichida jiddiy siyosiy muammoga aylanishi mumkin.
“Financial Times” ma’lumotiga ko‘ra, 2026 yilda AQSHning to‘rtta eng yirik aviakompaniyasi aviaquvvat narxi qimmatlashishi sababli 11 milliard dollardan ortiq qo‘shimcha xarajat qilishi mumkin.
Live
Barchasi