Tramp Eronga mamlakatni birgalikda boshqarishni taklif qildi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp urush tugaganidan keyin Eron boshqaruvida AQSH ishtirok etishi mumkinligini aytdi. Trampning bu haqdagi so‘zlarini “The Telegraph” nashri keltirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tinchlik muzokaralari fonida Eronda juda jiddiy rejim o‘zgarishi yuz berishi mumkin va ehtimol qo‘shma boshqaruv yaratiladi, bunda Vashington ham ishtirok etadi. Tramp, hatto Hormuz bo‘g‘ozi ustidan nazorat “men va Oyatulloh qo‘lida bo‘ladi” deb hazil aralash ta’kidlagan.

Shuningdek, u AQSH Eronga yangi rahbarni tanlashda ham ishtirok etishni xohlashini bildirgan. Tramp bunga misol sifatida Venesueladagi vaziyatni keltirib, u yerda hokimiyat almashganini eslatgan.

Oldinroq, Tramp Eronning ehtimoliy kelajak rahbarlari haqida gapirib, Mujtabo Homanaiy nomzodini AQSH uchun “qabul qilib bo‘lmaydigan” deb baholagan va agar eski siyosat davom etsa, yana urush bo‘lishi mumkinligini aytgan. U o‘zida Eronni boshqarish uchun “uchta yaxshi nomzod” borligini, lekin ularning ismini oshkor qilmasligini ham qo‘shimcha qilgan.

Manbalarga ko‘ra, AQSH urushni 9 aprelga qadar yakunlashni rejalashtirmoqda. Shu bilan birga, OAV xabarlariga ko‘ra, AQSH va Eron delegatsiyalari yaqin kunlarda Islomobodda uchrashuv o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Qayd etish joiz, avvalroq Tramp ikki kunlik juda yaxshi va samarali muzokaralar bo‘lib o‘tganini aytib, Eron energetika ob’ektlariga zarbalarni 5 kunga to‘xtatishni buyurganini bildirgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar Yaqin Sharqdagi harbiy harakatlarni tartibga solish masalasini muhokama qilgan. Ammo Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon AQSH bilan muzokaralar bo‘layotgani haqidagi Prezident Donald Trampning bayonotlarini rad etgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron Donal'd Tramp Vashington

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing