Tramp Eronning JCHda ishtirok etishi mumkinligini tasdiqladi – Infantino
Sport
−
11 mart 2423 1 daqiqa
FIFA prezidenti Janni Infantino Donald Tramp bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvi haqida fikr bildirib, AQSH Prezidenti Eronni Jahon chempionatida ishtirok etishi mumkinligini tasdiqlagani haqida ma’lum qildi. Bu haqda FIFA rahbari Instagram sahifasida xabar berdi.
Infantinoning aytishicha, uchrashuv davomida tomonlar yaqinlashib kelayotgan 2026 yilgi Jahon chempionatiga tayyorgarlik jarayonini muhokama qilgan.
“AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan bo‘lajak Jahon chempionatiga tayyorgarlik hamda turnir boshlanishiga atigi 93 kun qolgan bir paytda unga bo‘lgan qiziqishning ortib borayotganini muhokama qildik.
Shuningdek, Erondagi hozirgi vaziyat va Eron terma jamoasining Jahon chempionatiga yo‘llanma olgani haqida ham gaplashdik. Suhbat davomida Prezident Tramp Eron terma jamoasi AQSHda o‘tkaziladigan turnirda ishtirok etish huquqiga ega ekanini yana bir bor ta’kidladi.
Hozir har qachongidan ham ko‘proq odamlarni birlashtira oladigan tadbirlar kerak. Jahon chempionati shunday musobaqalardan biri. AQSH Prezidentiga qo‘llab-quvvatlagani uchun chin dildan minnatdorchilik bildiraman. Bu futbol yana bir bor dunyoni birlashtirishini ko‘rsatadi”, dedi Infantino.
Ma’lumot uchun, 2026 yilgi Jahon chempionati 11 iyundan 19 iyulgacha AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaqin Sharqdagi voqealardan so‘ng Eron futbol federatsiyasi prezidenti Mehdi Toj Eron terma jamoasi 2026 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionatida ishtirok etmasligini ma’lum qilgandi.