Tramp G‘azoga boradi
Olam
−
24 Oktabr 3730 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp G‘azo sektoriga tashrif buyurish va Yaqin Sharqdagi vaziyatni hal qilishda muhim rol o‘ynaydigan “Tinchlik Kengashi”ga raislik qilish niyatini e’lon qildi. Bu haqda Oq uy rahbari “The Time” jurnaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.
“Ha, boraman. Biz “Tinchlik Kengashi”ni tuzdik va mendan unga raislik qilish so‘raldi. Ishoning, bu men xohlagan narsa emas edi, lekin bu kengash Yaqin Sharq ustidan katta vakolatga ega bo‘lgan juda ta’sirli tuzilmaga aylanadi”, degan Tramp.
Uning ta’kidlashicha, Yaqin Sharq hech qachon hozirgidek birlashmagan. HAMAS esa ushbu birlashuv ichida mavjud emas va harakat faqatgina kelishuvlarga nazariy jihatdan rozi bo‘lgan.
“Agar ular bunga qarshi chiqishga qaror qilsa va biz ularga qarshi choralar ko‘rsak, hech kim e’tiroz bildirmaydi”, deya qo‘shimcha qilgan Oq uy rahbari.
9 oktyabr kuni Tramp Isroil va HAMAS harakati G‘azo sektoridagi ikki yillik qurolli mojaroni hal qilish bo‘yicha kelishuvga erishganini e’lon qildi. Bu kelishuv Tramp rejasi doirasida amalga oshirildi.
29 sentyabr kuni taqdim etilgan Trampning rejasi 20 banddan iborat bo‘lib, garovga olinganlarni 72 soat ichida ozod qilish sharti bilan darhol sulh tuzishga chaqiradi. Hujjatda, shuningdek, HAMAS va boshqa Falastin guruhlari G‘azo sektorini boshqarishda ishtirok etmasligi, nazorat Trampning o‘zi boshchiligidagi xalqaro nazorat ostidagi texnokratik hokimiyatga o‘tkazilishi belgilangan. Isroil bilan kelishuvning bir qismi sifatida HAMAS harakati 2023 yil 7 oktyabrdan beri G‘azoda ushlab turilgan 20 nafar garovga olinganlar va boshqa muddatlarda garovga olingan barcha mahbuslarni ozod qildi. Kelishuvga muvofiq Isroil ham 1718 mahbusni va umrbod yoki uzoq muddatli qamoq jazosini o‘tayotgan 250 falastinlik mahbusni ozod etdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp Yaqin Sharq mamlakatlari va boshqa ittifoqchilar HAMAS harakati vakillarini jilovlab qo‘yish uchun G‘azo hududiga qo‘shin kiritishga tayyorligi va agar HAMAS buyruqqa bo‘ysunmasa, ushbu kuchlar ularga qarshi harakatga kelishini bildirgandi.
Live
Barchasi