Tramp ilk bor Venesuelaning yangi yetakchisi bilan gaplashdi

Olam

image

Kecha, 14 yanvar kuni Venesuelaning muvaqqat yetakchisi Delsi Rodriges AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Rodriges o‘zining Telegram-kanalida yozdi.

“Bugun Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp bilan uzoq, samarali va do‘stona ruhda telefon  orqali suhbatlashdim. Suhbat o‘zaro hurmat muhitida bo‘lib o‘tdi, unda xalqlarimiz manfaatlari yo‘lida ikki tomonlama hamkorlik kun tartibi hamda hukumatlarimiz o‘rtasidagi hal etilmagan masalalar muhokama qilindi”, degan Rodriges. 

Tramp ham Venesuela prezidenti vazifasini bajaruvchi shaxs bilan telefon orqali gaplashganini ma’lum qilib, bu Rodriges tayinlanganidan buyon ular o‘rtasidagi ilk suhbat bo‘lganini ta’kidlagan. AQSH Prezidenti uni “ajoyib inson” deb atagan.

“Biz telefon orqali uzoq suhbatlashdik, ko‘plab masalalarni muhokama qildik va menimcha, Venesuela bilan juda yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqdamiz”, degan Oq uy rahbari.

Keyinroq Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Rodriges bilan “juda yaxshi telefon suhbati” bo‘lib o‘tganini ham yozgan.

“Biz Venesuelaga barqarorlashish va tiklanishda yordam beryapmiz. Ko‘plab mavzular, jumladan neft, foydali qazilmalar, savdo va albatta milliy xavfsizlik masalalari muhokama qilindi. Amerika Qo‘shma Shtatlari va Venesuela o‘rtasidagi bu hamkorlik hamma uchun samarali bo‘ladi. Tez orada Venesuela yana buyuk va gullab-yashnagan davlatga aylanadi, hatto avvalgidan ham yaxshiroq bo‘lishi mumkin!” deya ta’kidlagan Amerika yetakchisi. 

Ma’lumot uchun, 3 yanvar kuni AQSH Venesuelada maxsus operatsiya o‘tkazib, mamlakat yetakchisi Nikolas Maduro va uning rafiqasini qo‘lga olib, AQSHga olib ketgan edi. 4 yanvar kuni Maduroga yaqin siyosatchi bo‘lgan Rodriges mamlakatning vaqtinchalik rahbari etib tayinlandi. 

Eslatib o‘tamiz, 13 yanvar kuni Milliy Assambleyasi prezidenti Xorxe Rodriges Venesuela qamoqxonalarida Nikolas Maduro siyosati doirasida hibsga olingan 400 dan ortiq mahbus ozod qilingani haqida xabar berilgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Venesuela Donal'd Tramp Delsi Rodriges

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing