Tramp Isroilning G‘arbiy Sohilni bosib olishiga yo‘l qo‘ymaydi – “Politico”

Olam

image

Joriy yilning 23 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida AQSH Prezidenti Donald Tramp arab va musulmon yetakchilariga Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuga Iordan daryosining G‘arbiy Sohilini anneksiya qilishiga ruxsat bermasligiga va’da qildi. Bu haqda ushbu muloqotdan xabardor olti kishiga tayanib, “Politico” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, manbalardan ikkitasi Tramp bu masalada qat’iy bo‘lganini va u Isroil HAMAS emas, Falastin ma’muriyati tomonidan boshqariladigan G‘arbiy Sohilni o‘zlashtirishiga yo‘l qo‘yilmasligini va’da qilganini bildirgan.

Muloqotdan xabardor yana bir kishining aytishicha, Trampning kafolatiga qaramay, Isroilning deyarli ikki yillik HAMASga qarshi urushini to‘xtatish uchun sulh yaqin emas. Masalaga aloqador yana ikki kishi Tramp va uning jamoasi urushni tugatish rejasini o‘z ichiga olgan, jumladan, anneksiya bo‘yicha va’da hamda boshqaruv va urushdan keyingi xavfsizlik masalalarini qamrab olgan hujjatni taqdim etganini ma’lum qilgan.

Kecha, 24 sentyabr kuni Trapmning maxsus elchisi Stiv Uitkoff ushbu taklif tafsilotlaridan ayrimlarini ochiqladi.

“Biz Nyu-Yorkdagi sammitda Yaqin Sharqda tinchlik uchun Trampning 21 banddan iborat rejasini taqdim etdik. Menimcha, u Isroilning tashvishlarini ham, mintaqadagi barcha qo‘shnilar tashvishlarini ham qamrab oladi”, deydi u.

Biroq Uitkoff G‘arbiy Sohil haqidagi izohlarni tilga olmagan.

Tramp Birlashgan Millatlar Tashkiloti shtab-kvartirasida sakkiz arab va musulmon davlati bilan uchrashuvdan oldin jurnalistlarga bu uning ushbu kundagi “eng muhim” uchrashuvi ekanini aytgan, biroq u jurnalistlarga batafsil gapirmasdan chiqib ketgan va ishtirokchilar hamon muloqot mazmuni haqida hech qanday rasmiy bayonot bermagan.

Joriy yilning 23 sentyabri oqshomida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an “Fox News” kanaliga bergan intervyusida uchrashuvni “samarali” deb atagan, ammo tafsilotlarni oshkor qilmagan. Bugun, 25 sentyabr kuni Erdo‘g‘an va Tramp Oq uyda yana uchrashishi rejalashtirilgan.

“Arab yetakchilari Trampning Falastin davlatini tan olishga qarshiligi va Netanyaxuning HAMASga qarshi hujumini qo‘llab-quvvatlashidan norozi edi. Bu oy boshida Isroil Qatarda tinchlik muzokaralarida bo‘lgan HAMAS amaldorlarini yo‘q qilishga urinib, G‘azodan tashqariga ham hujumni kengaytirgandi. 23 sentyabr kungi uchrashuvga kelar ekan, ular AQSH Prezidentiga Isroilning G‘arbiy Sohilda kengayishi Ibrohim kelishuvlarini buzishi mumkinligini uqtirmoqchi bo‘lishdi”, deydi suhbatdan xabardor ikki kishi.

Trampning birinchi prezidentlik muddatidagi eng muhim tashqi siyosiy yutug‘i bo‘lgan ushbu kelishuvlar Isroil va bir qator arab davlatlari o‘rtasida munosabatlarni normallashtirishga yo‘l ochgan edi.

AQSHning bir qancha yirik ittifoqchilarining Falastin davlatini tan olish qarori Isroilda Netanyaxuga G‘arbiy Sohilda to‘liq yoki qisman anneksiya qilish chaqiriqlariga sabab bo‘ldi. Uning hukumatidagi o‘ta o‘ng kuchlarning ayrimlari bu pallani Isroil o‘ng kuchlari uzoq yillardan beri intilayotgan hududni qo‘shib olish orzusini amalga oshirish imkoniyati deb bilmoqda. Isroilda kelgusi yilda saylovlar bo‘lib o‘tishi bilan Netanyaxu qattiqqo‘l tarafdorlarini jalb etish uchun bunday qadamni foydali deb bilishi mumkin.

Netanyaxu rahbarligida Isroil G‘arbiy Sohil ustidan de-fakto nazoratini kengaytirish va mustahkamlash uchun ko‘p ishlarni amalga oshirgan, jumladan, okkupatsiya qilingan hududda yahudiylar aholi punktlarini kengaytirgan va xavfsizlikni kuchaytirgan.

Arab va Yevropa amaldorlarining ogohlantirishicha, G‘arbiy Sohilda rasmiy anneksiya ikki davlatli yechimning oxirgi umidlarini barbod qiladi. Arab davlatlari bu masalani Isroilning Yaqin Sharqqa yanada integratsiyalashuvi uchun qizil chiziq deb hisoblaydi.

Joriy yilning 29 sentyabr kuni Netanyaxu Oq uyda Donald Tramp bilan uchrashishi rejalashtirilgan. Arab mamlakatlari amaldorlari va boshqalar Tramp nihoyat Isroil rahbarini urushni to‘xtatishga ko‘proq bosim o‘tkazishga qaror qilishidan umidvor.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasi doirasida Donald Tramp sakkizta musulmon va arab mamlakatlari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Isroil G'arbiy Sohil

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing