Tramp Qatarni o‘z qanoti ostiga oldi. AQSH Qatarni endi Isroildek himoya qilmoqchi
Tahlil
−
03 Oktabr 4510 9 daqiqa
Bundan salkam bir oy oldin Isroil hujumiga uchragan Qatar endi Yaqin Sharqdagi ikkinchi Isroilga aylanmoqda. Gap shundaki, bir necha kun oldin AQSH Prezidenti Donald Tramp Qatarni uzoq davom etgan g‘azabdan tushirish uchun unga tarixiy mukofot taqdim qildi. Tramp 1 oktyabr kuni Qatar xavfsizligini kafolatlashga va’da beruvchi farmonni imzolab, unga qilingan har qanday qurolli hujum Qo‘shma Shtatlarga qilingan tahdid sifatida baholanishi belgilandi. Tramp farmonda Qatarning xavfsizligini ta’minlash va hududiy yaxlitligini himoya qilish bundan buyog‘iga Qo‘shma Shtatlarning ham siyosati ekanligini aytdi. U Vashington “AQSH va Qatar davlati manfaatlarini himoya qilish hamda tinchlik va barqarorlikni tiklash uchun barcha qonuniy va tegishli choralarni, jumladan diplomatik, iqtisodiy va kerak bo‘lsa, harbiy choralarni ko‘rishini” ma’lum qildi. Mutaxassislar bu farmon Yaqin Sharq siyosatida seysmik o‘zgarishlarga olib kelishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Lekin aslida o‘sha seysmik o‘zgarishlar allaqachon boshlangan, deb bemalol aytishimiz mumkin. Chunki bunday xavfsizlik kafolatining ildizi joriy yil 9 sentyabr kuni Isroilning HAMAS yetakchilarini yo‘q qilish uchun Dohaga qilgan hujumiga borib taqaladi. Aynan shu voqea Yaqin Sharq siyosatini o‘zgartirib bo‘ldi. O‘sha hujumdan keyin Saudiya Arabistoni xavfsizlik hamkori sifatida AQSHni Pokistonga defakto almashtirdi. Ar-Riyod va Islomobod bir necha hafta oldin imzolagan harbiy shartnoma, ayni damda AQSH Qatarga taqdim qilayotgan kafolatlar bilan deyarli bir xil edi. Bu esa arab davlatlari tashqi siyosatda bir-biridan yana ayro holatda ekanidan dalolatdir. Juda kichik va o‘ta boy Qatar qadriyatlar jihatdan mintaqaga begona AQSH bilan, katta va qudratli Saudiya esa ma’naviy va diniy jihatdan o‘ziga yaqin bo‘lgan Pokiston bilan. Isroil faktori esa bu ikki lagerni bir-biridan ajratib turadi. Ayni shu nuqtada ko‘plab savollar va tushunmovchiliklar o‘rtaga chiqadi. Quyida esa o‘sha savollarga javob topishga harakat qilamiz.
Qatar yutdi
Trampning tarixiy farmoni AQSHning Qatardagi elchixonasi tomonidan ham tarqatildi. AQSH tomoni shu paytgacha ikki davlat o‘rtasidagi uzoq yillardan buyon turli sohalarda hamkorlik davom etayotgani, Qatar AQSH kuchlariga mezbonlik qilgani, mamlakatda joylashgan Al-Udeyd bazasi muhim xavfsizlik operatsiyalarini o‘tkazishga imkon bergani hamda tinchlik, barqarorlik va farovonlik yo‘lida sodiq ittifoqchi sifatida harakat qilgani, mintaqaviy va global mojarolarni hal qilishda vositachilik qilganini alohida ta’kidladi.
9 sentyabrdagi hujum rostdan ham juda ko‘p o‘zgarishlarga sabab bo‘lmoqda. Bunda esa Qatarning harakatlari alohida ajralib turadi. Chunki Qatar o‘ziga qilingan hujumdan so‘ng ancha jiddiy shovqin suron ko‘tardi. Dohaga zudlik bilan musulmon davlatlarning favqulodda arab-islom sammiti chaqirildi. Turkiya, Pokiston, Eron va arab davlatlarining liderlari bir joyga to‘plandi. Isroil hujumi keskin qoralandi. Bu orada Saudiya va Pokiston tashqi hujum sodir bo‘lgan taqdirda bir-birini himoya qilishga kelishib oldi. Mazkur voqealar esa Isroil va uning bugungi kunda Yer yuzida qolgan yagona ittifoqchisi AQSHga o‘ziga xos bosim vositasi bo‘lib xizmat qildi.
Ammo yakunda nima bo‘ldi? Qisqa va sodda qilib aytganda, eng so‘nggida Qatar yutib chiqdi. Dastlab Qatar o‘ziga qilingan hujumdan keyin Isroilga turli yo‘llar bilan javob qaytarishga vada berdi. Ammo Netanyaxu istasa Qatarga yana zarba berishi mumkinligini aytib, Dohaga tahdid qildi. Lekin Donald Tramp va Qatar Bosh vaziri AQSHda birgalikda kechki ovqat qilgandan so‘ng, Doha Isroilga javob qaytarishni ortga surdi. Tramp turli uchrashuv va suhbatlarda Netanyaxu Qatarga qaytib hujum qilmasligiga kafolat berdi. Oradan ko‘p o‘tmay, BMTning navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Mazkur sessiya doirasida AQSHga tashrif buyurgan Netanyaxu Oq uyga ham kirib o‘tdi. U Trampning oldida Qatar Bosh vaziri Jassim Ol Soniy bilan telefon orqali suhbatda mamlakat suvereniteti buzilgani uchun uzr so‘radi. Isroil nashrlari Netanyaxuning uzr so‘rashini shaxsan Tramp talab qilgani haqida yozdi. Undan tashqari, Doha Isroilning rasmiy kechirim so‘rashidan so‘ng, endi halok bo‘lgan ofitserning oilasiga tovon to‘lanishini talab qilgan. Isroil esa Tramp bosimi ostida buni amalga oshirishga tayyorligi aytildi.
Shunday qilib, Qatar Isroilga javob qaytarmadi, ammo buning o‘rniga juda ko‘p narsa oldi – AQSHdan xavfsizlik kafolati. Bu esa unda endilikda AQSH bilan yaqinlikda deyarli Isroildan qolishmaydigan aloqalar bor degani. Chunki Qatar suverenitetiga tahdid, bundan buyon AQSHga ham tahdid sifatida ko‘rilishi haqidagi farmoyish Vashington Dohani NATOdagi hamkorlari kabi muhofaza qiladi deganidir. NATOga a’zo bo‘lmay turib, alyansdagi davlatlardan kam bo‘lmagan xavfsizlik kafolati esa shu paytgacha Isroildagina mavjud bo‘lgani ko‘pchilikka ma’lum. Shu bois, xavfsizlik siyosati nuqtai nazardan endi Qatarni qaysidir ma’noda Yaqin Sharqdagi ikkinchi Isroil deb atash mumkin.
Tramp nega bunday qildi?
Tramp Qatarga nega bunday katta kompensatsiya to‘lagani ko‘pchilikni xayron qoldirdi. Chunki Vashingtonning xavfsizlik kafolati shunchaki oddiy bir yordam emas. Bunday kafolatga ega bo‘lish uchun Kongressda, Oq uyda, xulla,s AQSH davlat boshqaruvining har bir teshigida huddi Isroil kabi son-sanoqsiz lobbiga ega bo‘lish zarur. Ammo Qatarda bugun bunday imkoniyat yo‘q edi. Shunday bo‘lishiga qaramay, Doha AQSH qanoti ostiga kirishga muvaffaq bo‘ldi. Mutaxasislar esa buni bir nechta sabablar bilan bog‘lamoqda. Birinchisi, Isroil va Eron o‘rtasida kechgan 12 kunlik urushning oxirida Eronning Qatarga hujumidir. O‘shanda Tehron tomonidan berilgan zarbalar aynan AQSHning Al-Udeyd bazasi Qatarda joylashgani tufayli edi. Bu esa o‘z-o‘zidan yadroviy inshootlariga uyushtirilgan halokatli hujumga javob qaytarish uchun Eronga Qatardagi AQSH bazasini qonuniy nishonga aylantirgandi. Qatar o‘shanda joriy yil hisobiga AQSH tufayli birinchi bor jabrlandi. Ikkinchisi, Isroilning Dohada HAMASning yuqori martabali shaxslarini yo‘q qilish uchun bergan havo zarbasi. Bu Qatarning joriy yil hisobiga AQSH tufayli ikkinchi bor tashqi hujumga uchrashi bo‘ldi. Chunki Qatar HAMAS va Isroil o‘rtasidagi vositachilik rolini AQSH iltimosiga ko‘ra bajarishi barchaga ma’lum.
Mutaxasislar esa mazkur voqeliklar o‘z-o‘zidan Qatar yakunda AQSHga xavfsizlik kafolati so‘rab murojaat qilishi uchun asos yaratganini ta’kidlamoqda. Vaziyat yanada kuchayishi ehtimolidan xavotirga tushgan Ol Soniylar Vashingtonga bir tomonlama yozma xavfsizlik kafolati so‘rashga majbur bo‘ldi. Ularning argumenti esa oddiy, ya’ni yuqorida ta’kidlanganidek, AQSH siyosatini qo‘llab-quvvatlash rasmiy Donani har safar qaysidir davlatning nishoniga aylantirdi va shuning uchun Vashington ularni himoya qilishga majburligi qayd etildi. Ammo ekspertlar bular hali hammasi emasligi, o‘rtada yana ko‘plab iqtisodiy va shaxsiy manfaatlar ham borligini ta’kidlamoqda. Jumladan, joriy yil boshida Trampning Dohaga qilgan tashrifi natijasida qo‘lga kiritilgan trillion dollarlik investitsiyalar va Qatar Amiri tomonidan Trampga sovg‘a qilingan yarim milliard dollarlik samolyot ham bunda katta rol o‘ynagan deya taxmin qilinmoqda. Birgalikda esa bu omillar Trampni Qatarga AQSHning boshqa hech bir Fors ko‘rfazi davlatiga berilmagan xavfsizlik yostiqchasini berishga majbur qilgan bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, bu yerda yana bir muhim va ko‘pchilik tomonidan e’tiborga olinmayotgan omil ham bor. Bu yaqin-yaqingacha rasmiy bo‘lmasa-da, xavfsizligi AQSH tomonidan ta’minlanib kelingan Saudiya va yadroviy Pokiston o‘rtasida tuzilgan bir-birini tashqi hujumdan himoya qilish bo‘yicha shartnomadir. AQSH uchun mazkur voqelik qandaydir yo‘qotish bo‘lganini ham unutmaslik lozim. Chunki Trampning yaqin ittifoqchisi bo‘lgan “qora shahzoda” himoya masalasida boshqa davlat bilan kelishuvga erishdi. Pokiston va AQSH o‘rtasidagi munosabatlar bugun Hindiston ta’sirida bir qadar yaqinroq bo‘lishiga qaramay, vaqti-vaqti bilan bu ikki davlatni mafkuraviy qarama-qarshilik bir-biridan uzoqlashtirib turadi. Bu orada Isroil omili ham borligini unutmaslik lozim.
AQSH nega arablarga xavfsizlik kafolati bermay kelgan?
Qo‘shma Shtatlar Yaqin Sharqdagi ko‘plab arab davlatlarida harbiy bazalarga ega bo‘lishiga qaramay, uzoq yillar mobaynida ularga xavfsizlik kafolati berishdan tiyilib kelgan. Buning o‘ziga yarasha ko‘plab sabablari bor edi. Masalan, Eron bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuv xavfi. Chunki sunniy arablar va shia musulmonlari fundamental ziddiyatlarga ega. Bu Eron va Ko‘rfaz davlatlarining siyosatida o‘z aksini togan. Masalan, 2019 yilda xusiylarga qilingan hujum va boshqa ko‘plab faktorlar ortidan Eron Saudiya Arabistonining neft infratuzilmasi qanotli raketalar va uchuvchisiz uchoqlar bilan zarba bergandi. Ammo Tramp o‘sha kezlarda yaqin hamkori sifatida ko‘riladigan Saudiyaga AQSH qo‘shinlari yoki Patriot raketa tizimini joylashtirishdan bosh tortgandi. Ammo bu masalaning bir tomoni xolos.
Tanganing ikkinchi tomoni to‘xtaladigan bo‘lsak, arab monarxiyalari nafaqat Tehron bilan, balki bir-birlari bilan ham yaqin o‘tmishda o‘zaro chiqishmay kelgani sir emas. Xususan, so‘nggi yillarda avj olgan, ammo bugunga kelib deyarli tugagan Doha va Ar-Riyod o‘rtasidagi kelishmovchilik shular jumlasidandir. “Al Jazeera” telekanalidagi ochiqlik va erkinlik siyosati hamda Qatarga qo‘yilgan “terrorizmni qo‘llash” ayblovi tufayli Saudiya boshchiligidagi Ko‘rfaz davlatlari 2017 yildan 2020 yilgacha Dohani hatto blokada qilgandi. O‘z-o‘zidan bunday sharoitda biror bir arab monarxiyasiga xavfsizlik kafolatini berish AQSHga chinakam boshog‘riq yaratardi. Fors ko‘rfazidagilar uchun majburiy kafolatlar Vashingtonni mintaqaviy mojarolarga aralashtirib yuborishi hech emasdi.
Qatar esa bunday kafolatni anchadan buyon so‘rab kelgan. Ol Soniylar shu maqsadda AQSHning mintaqadagi harbiy va diplomatik tashabbuslarini uzoq yillardan buyon qo‘llab-quvvatlab keladi. Biroq shu paytgacha okean ortidagi hamkorining har ikkala partiyasidan chiqqan prezidentlar Saudiya Arabistoni yoki Birlashgan Arab Amirliklari ham keyinchalik huddi shunday xavfsizlik kafolatini talab qilishidan cho‘chib, Qatarni himoya qilish bo‘yicha bunday majburiyatni olmay kelgani aytiladi.
AQSH kafolatiga ishonch bormi?
AQSHning Qatarga berayotgan xavfsizlik kafolatida qator shubhalar bor. Bu kafolat Tramp tomonidan taqdim qilingani esa mazkur shubhalarni ikki hissa oshirishi tabiiy. Umuman olganda esa birinchi navbatda AQSH siyosatida qonuniy kuchga ega bo‘lgan shartnomalar Senat tomonidan ma’qullanishi kerak. Biroq tarixan prezidentlar xalqaro shartnomalarga Senatning roziligisiz kirishgan. Masalan, sobiq davlat rahbari Barak Obama boshchiligida G‘arb davlatlari 2015 yilda Eron bilan imzolagan yadroviy kelishuvi bunga misol bo‘ladi. Qatar esa shu paytgacha AQSHning mintaqadagi asosiy harbiy hamkori bo‘lib kelgan. Amerika Markaziy qo‘mondonligiga o‘zining keng Al-Udeyd havo bazasini qo‘sh-qo‘llab topshirishi esa Qo‘shma Shtatlarning harbiy maqsadlarini ancha samaraliroq amalga oshirishiga imkon bergan. Aslida Trampdan oldin ham sobiq prezident Jo Bayden Qatarni 2022 yilda NATOga a’zo bo‘lmagan AQSHning asosiy ittifoqchisi deb e’lon qilgan.
Ammo masalaning eng muhim jihati bugun xavfsizlik kafolati kim tomonidan, qanday xarakterdagi shaxs tomonidan berilayotganidadir. Mutaxasislar Tramp bu borada o‘z majburiyatini bajarmaslik ehtimoli yuqori ekaniga ishora qilmoqda. Bu esa uning ichki va tashqi siyosatda strategiyasiz ishlashi bilan izohlanadi. Siyosiy tahlilchi Aaron Devid Miller Trampni “situatsionist va tranzaksiyachi” deb ataydi. Chunki Donald Tramp uzoq muddatli siyosiy jarayonlar haqida umuman o‘ylab o‘tirmaydi. Miller bunga Ankorijda o‘tgan u va Putin o‘rtasidagi hech bir natijasiz tugagan sammitni misol qilib keltirgan.
Bundan tashqari, dushanbadagi gapi seshanbaga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan AQSHning amaldagi rahbariga bo‘lgan ishonch allaqachon yemirilgan. Chunki bir necha oy oldin AQSHga trillion dollar sarmoya va Trampning tagiga shoxona samolyot sovg‘a qilgan davlatga hujum sodir qilinishini oldindan bilib, bunga sekingina yo‘l qo‘yib bergan shaxsning xavfsizlik kafolatlari ham aslida sariq chaqalik ahamiyatga ega emasdek ko‘rinadi. Shuningdek, bu “qo‘zichoq xavfsizligini bo‘ri ta’minlashi” bilan ham bab-barobar.
Live
Barchasi“Samarqand darvoza”da Tahoe yonib ketdi
19 dekabr