Tramp Putin va’dasida turganini aytdi, biroq...
Olam
−
11:35 5104 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukrainaga berilayotgan zarbalarni ma’lum muddatga to‘xtatish orqali o‘z va’dasida turdi. Bu haqda kecha, 3 fevral kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp jurnalistlarga bergan bayonotida ma’lum qildi.
“O‘t ochishni to‘xtatish 25 yanvar kunidan 1 fevral kunigacha davom etdi. U tugadi va Putin endi ularga kuchli zarba berdi. Putin bu masalada o‘z so‘zida turdi. Bu muhim edi, bilasiz, bir hafta – biz har qanday muddatga rozi bo‘lgan bo‘lardik, chunki u yerda juda-juda sovuq”, degan Oq uy rahbari.
Shuningdek, Tramp Rossiya Prezidenti bilan suhbatlashganini aytgan, biroq suhbatning qachon bo‘lib o‘tgani va tafsilotlarini oshkor etmagan.
29 yanvar kuni Tramp Vladimir Putinga shaxsan murojaat qilib, kuchli sovuqlar sabab Ukrainaga berilayotgan zarbalarni vaqtincha to‘xtatishni so‘ragan edi. Uning aytishicha, Rossiya Prezidenti bu taklifga rozi bo‘lgan. Keyinchalik Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Tramp Kiyevga 1 fevralgacha hujum qilmaslikni taklif etganini, bu esa harbiy mojaroni tartibga solish bo‘yicha muzokaralar uchun sharoit yaratishga qaratilganini tushuntirgan.
Kecha, 3 fevral kuni Rossiya Mudofaa vazirligi tunda keng ko‘lamli zarba berilgani haqida xabar berdi. Unga ko‘ra, hujum nishonlari Ukrainaning harbiy-sanoat majmuasi ob’ektlari hamda energetika infratuzilmasi bo‘lgan. Vazirlik ma’lumotida aytilishicha, mazkur zarba Kiyev tomonidan Rossiyadagi fuqarolik ob’ektlariga uyushtirilgan hujumlarga javob tariqasida amalga oshirilgan.
Qayd etish joiz, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin sovuq ob-havo tufayli Ukrainaga hujum qilmaslikka qaror qilgani haqida xabar berilgan edi. Biroq, ushbu og‘zaki kelishuvga qaramay, 30 yanvar kuni Rossiya Ukraina hududiga hujum uyushtirgandi.
Live
Barchasi