Tramp kelishuvni Putin emas, Zelenskiy to‘xtatib turganini aytdi
Olam
−
16 yanvar 3063 1 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi urushni tugatishga qaratilgan potensial tinchlik kelishuvini Vladimir Putin emas, aksincha, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy to‘xtatib turganini ma’lum qildi. Bu haqda u, 14 yanvar kuni Oval ofisda “Reuters”ga bergan intervyusida aytdi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin to‘rt yildan oshgan Ukraina bosqinini yakunlashga tayyor. Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy esa bu masalada biroz ehtiyotkorroq.
“Men o‘ylaymanki, u (Putin) kelishuv tuzishga tayyor. Biroq Ukraina (Zelenskiy) bunga to‘liq tayyor emas, nazarimda”, degan u.
AQSH yetakchisidan “nega Amerika boshchiligidagi muzokaralar Yevropaning Ikkinchi jahon urushidan beri eng katta quruqlik mojarosini (Rossiya-Ukraina urushi nazarda tutilmoqda) hal qilmadi?” deb so‘ralganda, u “Zelenskiy” deb javob bergan.
Xabarda aytilishicha, Trampning bu bayonoti Ukraina yetakchisiga nisbatan yangi norozilikni aks ettiradi. Ikki Prezident uzoq vaqt o‘zgaruvchan va ba’zan keskin munosabatga ega bo‘lib kelmoqda, ammo Trampning ikkinchi prezidentlik davrining birinchi yilida ularning muloqoti biroz yaxshilangani sezilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp “Fox News” muxbiri Piter Dusining “Putinni qo‘lga olish bo‘yicha topshiriq berasizmi?” degan savoliga “bunga hojat yo‘q”, deb javob qaytargandi.
Live
Barchasi