Tramp Kolumbiya Prezidentini “yaramas qaroqchi” deb atadi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Kolumbiya Prezidenti Gustavo Petroga qarshi ayblov va tahdidlar bilan chiqib, uni “yaramas va qaroqchi” deb atadi. Bu haqda u kecha, 23 oktyabr kuni Oq uyda jurnalistlar bilan suhbatda so‘z ochdi.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, AQSH bundan buyon Kolumbiyada giyohvand moddalar ishlab chiqarilishiga “chiday olmaydi”.

“Kolumbiya – bu giyohvand moddalar uyi. Ular biz ilgari hech qachon ko‘rmagan miqdorda kokain ishlab chiqarmoqda va uni sotmoqda. Endi bundan qutula olishmaydi. Biz esa bunga endi chiday olmaymiz”, deydi u.

AQSH yetakchisi Kolumbiya Prezidenti Gustavo Petroni “yaramas va qaroqchi” deb ham atagan.

Tramp Kolumbiyadan tashqari Venesueladan ham norozi ekanini bildirgan. Uning aytishicha, bu mamlakat ham AQSHga giyohvand moddalar yetkazib berishda ishtirok etmoqda. Tramp va AQSH Urush vaziri Pit Hegset Janubiy Amerikadagi narkokartellarni terrorchi guruhlarga qiyoslab, ularga qarshi tegishli choralar ko‘rilishiga va’da bergan.

“Endi butun dunyo bilishi kerak: kartellar – bu g‘arbiy yarimsharning ISHIDi. Rahmat senga, Jo Bayden, bunga yo‘l qo‘yganing uchun. Bayden mamlakatimizni kartellarga topshirdi”, deydi Tramp.

U AQSHga giyohvand moddalar olib kirayotganlarni “yo‘q qilishga” ham va’da bergan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp AQSHga ketayotgan yirik suvosti kemasi yo‘q qilinganini ma’lum qilgan edi. Uning aytishicha, kema Kolumbiyadan giyohvand moddalar olib ketayotgan bo‘lib, ularning AQSH hududiga kirib borishi “25 ming kishining o‘limiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan”.

Shundan so‘ng Kolumbiya Prezidenti Gustavo Petro Trampning bayonotiga g‘azab bilan javob berdi. Petroning fikricha, AQSH Kolumbiyaning suverenitetini buzgan va begunohlarni o‘ldirgan.

Bunga javoban Tramp Petroni “giyohvand moddalar noqonuniy savdosining rahbari” deb atagan va Kolumbiyaga berilayotgan barcha subsidiyalarni bekor qilgan. Shuningdek, u Kolumbiya Prezidentidan mamlakatda giyohvand moddalar ishlab chiqarishni imkon qadar tez to‘xtatishni, aks holda “buni AQSHning o‘zi amalga oshirishini” aytgan.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Kolumbiya Gustavo Petro

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing