“O‘zbekneftgaz” Trampga yaqin ekani aytiladigan lobbi kompaniya bilan yirik shartnoma imzoladi
Jamiyat
−
00:02 632 2 daqiqa
“O‘zbekneftgaz” AJ AQSH Prezidenti Donald Trampga yaqin ekani aytiladigan Ballard Partners kompaniyasi bilan umumiy qiymati 5 mln AQSH dollari bo‘lgan shartnoma tuzdi. Ijtimoiy tarmoqlarda shartnoma tuzilganini tasdiqlovchi hujjat tarqaldi.
AQSHda 1998 yilda ro‘yxatdan o‘tgan Ballard Partners kompaniyasi AQSH hukumati oldida strategik konsalting va manfaatlarni himoya qilish xizmatlarini amalga oshirish bilan shug‘ullanadi. Joriy yilning 12 dekabr kuni imzolangan “O‘zbekneftgaz” AJ bilan kelishuv haqidagi hujjatda keltirilgan shartnoma shartlarida xizmat haqi oyiga 83 334 AQSH dollari etib belgilangan. Ushbu mablag‘lar – 250 ming dollar har chorak yakunida amalga oshiriladi.

“Politico” nashrining yozishicha, Ballard Partners Tramp qayta Prezident etib saylangandan keyin – joriy yilning dastlabki uch oyida lobbichilikdan 14 million dollar daromad olgan. Bu o‘tgan chorakdagi 6,2 million dollardan ancha ko‘p. Ballard 2024 yilning birinchi choragida esa 4,2 million dollar lobbichilik daromadini qayd etgan.
Ballard’dagi sobiq lobbistlarning bir nechtasi hozir Trampning ikkinchi ma’muriyatida yuqori lavozimlarda ishlamoqda. Ular orasida AQSH Bosh prokurori Pem Bondi va Oq uy apparati rahbari Syuzi Uayls bor. Ballard’ning yana bir sobiq xodimi Trent Mors Trampning kadrlar bo‘yicha direktori o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritmoqda. Firmaning Floridadagi ildizlari Ballard’ga Tramp Vashingtonidagi ta’sirli lavozimlarda ishlayotgan floridaliklar, jumladan, Davlat kotibi Marko Rubio bilan ham yaqin aloqalarni ta’minlaydi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4-6 noyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining AQSHga tashrif buyurgan edi. Ushbu tashrifdan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasida o‘zaro manfaatli savdo-investitsiyaviy va tijorat aloqalarini yanada kengaytirish va mustahkamlash hamda ishbilarmonlik muhitini sifat jihatdan yaxshilash va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ushbu yo‘nalishda ishlarni samarali tashkil etish maqsadida Amerika-O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi tashkil etildi.
Live
Barchasi