Tramp maqsadsiz va ko‘p yillik mojaroga yo‘l qo‘ymaydi – Vens
Olam
−
03 mart 2422 4 daqiqa
AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens Eronga qarshi operatsiyaning asosiy maqsadi Tehronning yadroviy qurolga intilishiga barham berish ekanini aytdi. Bu haqda u bugun, 3 mart kuni “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Uning aytishicha, operatsiya Eronning fikrlash tarzini o‘zgartirishga qaratilgan bo‘lib, Tehron hech qachon yadroviy qurol yaratmaslik bo‘yicha uzoq muddatli majburiyatni olishi kerak. Vensning so‘zlariga ko‘ra, AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘tgan yili o‘tkazilgan operatsiya orqali Eronning uchta asosiy yadroviy inshootini nishonga olib, mamlakatning yadroviy qurol yaratish imkoniyatini sezilarli darajada cheklagan.
“Biz ularni ancha orqaga surdik. Prezident Eron hech qachon yadroviy qurol yaratmasligi bo‘yicha mustahkam va uzoq muddatli kelishuvga erishishni istaydi”, dedi vitse-prezident.
Vensning aytishicha, AQSH qariyb bir yil davomida Eron bilan muzokaralar olib borgan, biroq Tehron o‘z pozitsiyasini o‘zgartirmagan. Shundan so‘ng Tramp Eron rejimining yondashuvini tubdan o‘zgartirish zarur degan xulosaga kelgan. Shuningdek, u hozirgi operatsiya uzoq yillarga cho‘zilmasligini ta’kidlab, AQSHning aniq maqsadi borligini bildirdi.
“Donald Tramp maqsadsiz va ko‘p yillik mojaroga yo‘l qo‘ymaydi. Maqsad shuki, Eron yadroviy qurolga ega bo‘la olmasligi va uzoq muddatli majburiyatlarni bajarishi, hech qachon yadroviy salohiyatini tiklashga urinmasligi kerak”, deydi Vens.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahridagi AQSH elchixonasiga uchuvchisiz apparatlar orqali amalga oshirilgan hujumga javob qaytarilishini ma’lum qilgandi.
AQSH–Isroil–Eron urushi
Kecha, 28 fevral kuni Isroil kutilmagan vaqtda Eronga qarata havodan zarbalar yo‘lladi. Ushbu zarbalar Eronning muhim ob’ektlari – Prezident qarorgohi, davlat idoralari va yadro inshootlariga tekkani iddao qilinmoqda. Eronning “Mehr” axborot agentligi Tehrondagi Eron razvedka binosiga ham hujum qilinganini yozgan. Dastlabki manbalarga ko‘ra, Eronga o‘ttizdan ortiq raketalar yo‘llangan bo‘lishi mumkin.
Oradan biroz vaqt o‘tib Isroil Mudofaa kuchlari Eronga hujumni rasman tasdiqlagan. Shuningdek, Mudofaa vazirligi Isroil fuqarolaridan xavfsiz joyga yashirinishni so‘ragan. Mamlakatda shoshilinch ravishda favqulodda holat e’lon qilingan.
Shu orada AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bo‘yicha operatsiyalar haqida 8 daqiqalik bayonot bergan va unda Eronga qilingan hujumda AQSHning ishtirok etganini tasdiqlagan. Uning qayd etishicha, Eronga qilingan harbiy opreatsiyalar Amerika xalqini himoya qilish uchun amalga oshirilmoqda. U o‘z bayonotida eronliklarni amaldagi tuzumni ag‘darishga chaqirgan. Tramp Eron harbiy xizmatchilariga taslim bo‘lishni va buning evaziga “immunitet” olishni taklif qildi yoki “muqarrar o‘lim”ni tanlashlari mumkinligini aytgan.
Qolaversa, barcha voqealarni bir chetdan kuzatib turgan Eron sobiq valiahd shahzodasi Rizo Pahlaviy ham Eron xalqiga murojaat qilib, mamlakat uchun hal qiluvchi lahzalar kelganini ta’kidlagan. Shuningdek, u bu so‘nggi jang ekanini va unda Eron xalqi Islom Respublikasi tuzumi ustidan g‘alaba qozonishini ta’kidlagan.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay endi Eron Isroil davlati hududiga qarata zarba yo‘llashni boshladi.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ham hujumlarni tasdiqlab, bayonot bergan. Unga ko‘ra, Isroil va AQSHning Eronga qarshi qo‘shma operatsiyasi Eron terror rejimi keltirib chiqarayotgan tahdidni bartaraf etishga qaratilgan. Netanyaxu maxsus murojaatida so‘nggi 47 yil davomida Eron rahbariyati Isroil va AQSHga qarshi ochiq tahdidlar qilgan hamda mintaqada zo‘ravonlik siyosatini yuritganini aytgan.
Avvalroq, Eron davlat televideniyesi Xomanaiy Isroil va AQSH tomonidan o‘ldirilganini xabar qilgan edi. Eronning “Tasnim” axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, u kecha, 28 fevral kuni ertalab o‘z ishxonasida o‘ldirilgan. Oyatullohning vafoti munosabati bilan mamlakat bo‘ylab 40 kunlik umumxalq motami va 7 kunlik umumxalq dam olish kunlari e’lon qilindi.
Shuningdek, Eron hududiga uyushtirilgan hujum chog‘ida Oyatullohning oila a’zolaridan to‘rt kishi – qizi, kuyovi, nabirasi va kelinlaridan biri ham halok bo‘lgan.
Qayd etish joiz, Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Islom Respublikasi Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyning vafoti tasdiqlanganidan so‘ng, mamlakat “Qurolli kuchlari tarixidagi eng shiddatli hujum operatsiyasi” boshlanganini ma’lum qilgandi.
Shundan so‘ng, Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi mamlakat Isroil va AQSHga qarshi yangi hujumlar boshlanganini e’lon qildi.
Live
Barchasi