Tramp NBA finalida hushtakbozlikka uchradi (video)
Sport
−
10 iyun 2531 2 daqiqa
Kecha, 9 iyun kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp NBA final seriyasi doirasida bo‘lib o‘tgan “Nyu-York Niks” va “San-Antonio Spyors” o‘rtasidagi uchrashuvda muxlislarning noroziligiga duch keldi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, o‘yin oldidan AQSH davlat madhiyasi yangrayotgan vaqtda Trampning surati sport zaldagi katta ekranlarda namoyish etilgan. Shu paytda tribunalardan hushtakbozlik va norozilik ovozlari eshitilgan.
Shu bilan birga, qo‘shiqchi Eyveri Uilson madhiyani ijro etayotgan vaqtda arenada “USA! USA!” shiorlari ham yangragan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ekranlarda Amerika bayrog‘i paydo bo‘lganidan keyin hushtakbozliklar to‘xtagan.
Uchrashuvda “Nyu-York Niks” o‘z maydonida “San-Antonio Spyors”ga 111:115 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Shunga qaramay, yetti o‘yindan iborat final seriyasida “Niks” 2:1 hisobida oldinda bormoqda. Seriyaning to‘rtinchi o‘yini joriy yilning 11 iyun kuni yana Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tadi.
Tramp bahsni “Niks” klubi egasi Jeyms Dolanning lojasidan turib kuzatgan. U bilan birga nabirasi Kay Tramp, shaxsiy maslahatchisi Boris Epshteyn hamda Vazirlar Mahkamasi a’zolari Li Zeldin, Shon Daffi va Dag Burgum ham o‘yinni tomosha qilgan.
Qayd etilishicha, Donald Tramp NBA finali pley-off o‘yiniga tashrif buyurgan ilk amaldagi AQSH Prezidenti sifatida tarixga kirdi.
Live
Barchasi