Tramp Putin bilan telefonda gaplashganini aytdi
Olam
−
09 fevral 8337 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali gaplashib, Rossiya-Ukraina urushini tugatish bo‘yicha muzokaralar olib borishga harakat qilganini aytdi. Bu haqda Oq uy rahbari kecha, 8 fevral kuni “The New York Post” gazetasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Ularning telefonda necha marta gaplashgani so‘ralganda, Tramp “Men bu haqda aytmaslikni afzal ko‘raman” dedi.
Trampning ta’kidlashicha, Putin jang maydonidagi o‘limlar haqida “haqiqatan ham qayg‘uradi”.
“U odamlarning o‘limini to‘xtatishni xohlaydi”, deydi u.
Shuningdek, AQSH Prezidenti urushni tugatish uchun “aniq rejasi” borligini aytdi.
“Umid qilamanki, bu tez amalga oshadi. Odamlar har kuni halok bo‘lmoqda. Ukrainadagi bu urush juda dahshatli. Men bu la’nati urushga chek qo‘ymoqchiman”, dedi u.
Donald Tramp Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Maykl Uoltsga mojaroni hal qilish bo‘yicha uchrashuvlar tashkil etishni topshirdi.
“Keling, bu uchrashuvlarni o‘tkazaylik. Ular uchrashmoqchi. Odamlar har kuni o‘lyapti, yosh, chiroyli askarlar halok bo‘lmoqda. Yosh yigitlar, xuddi o‘g‘illarimga o‘xshash”, degan Tramp intervyu bo‘lib o‘tgan Air Force One bortida Uoltsga.
Tramp Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan har qanday potensial tinchlik kelishuvida xavfsizlik kafolatlari evaziga Ukrainadagi noyob tuproq minerallariga kirish uchun 500 million dollarlik kelishuvga erishmoqchi ekanini aytdi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, bu kelishuv gazga ham ta’sir qiladi, biroq u nimani nazarda tutganiga aniqlik kiritmadi.
Nashrning yozishicha, AQSH vitse-prezidenti Jeyms Devid Vens 14-16 fevral kunlari bo‘lib o‘tadigan Myunxen xavfsizlik konferensiyasida Zelenskiy bilan uchrashadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 20 yanvar kuni kechqurun AQSH Prezidenti lavozimiga kirishgan Donald Tramp jurnalistlar bilan suhbatda agar Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha bitim tuzishdan bosh tortsa, Rossiya katta muammolarga duch kelishini aytgandi. Shu bilan birga, AQSH Prezidenti Putinning o‘zi ham kelishuv tuzishga moyil, degan fikrni bildirdi.
Live
Barchasi