Tramp, Putin va Zelenskiy uchrashishi mumkin

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘z muzokara guruhiga Jenevada Ukraina, AQSH va Rossiya yetakchilari darajasidagi uchrashuvni tashkil etish vazifasini topshirganini ma’lum qildi. Bu haqda u kecha, 18 fevral kuni “Axios” nashriga bergan intervyusida aytgan.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, hududiy masala bo‘yicha muzokaralarda siljishga erishishning eng yaxshi yo‘li – Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan shaxsan uchrashishdir. Shu munosabat bilan u oliy darajadagi tegishli aloqalarni tayyorlash bo‘yicha topshiriq bergan.

Nashr xabariga ko‘ra, amerikalik vositachilar mojaroni hal etishning shunday variantini taklif qilgan: unga ko‘ra, ukrain qo‘shinlari o‘zlari nazorat qilayotgan Donbass hududlaridan chiqib ketadi, mazkur hudud esa demilitarizatsiya qilingan “erkin iqtisodiy zona” maqomini oladi. Ayni paytda Vashington ushbu hudud ustidan qaysi davlat suverenitetga ega bo‘lishi masalasida aniq pozitsiya bildirmagan.

Zelenskiy qo‘shinlarni olib chiqish masalasini muhokama qilishga tayyorligini aytgan, biroq Moskvadan ham o‘z kuchlarini teng masofaga chekinishiga chaqirgan va Rossiyaning mazkur zona ustidan suverenitet da’volarini rad etgan.

Ukraina Prezidenti, shuningdek, muzokaralarning ikkinchi bosqichida Rossiya vakillari Moskva rahbariyati bilan maslahatlashib, hududiy masala yuzasidan yanada batafsil pozitsiya taqdim etishga va’da berganini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 17 fevral kuni Ukraina, AQSH va Rossiya delegatsiyalari Jenevada siyosiy va harbiy yo‘nalishlarda muzokaralarning birinchi kunini yakunladi. Muzokara guruhlari ishi 18 fevral ertalab davom etadi, yakunlar bo‘yicha tomonlar bayonot berishi kutilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Vladimir Zelenskiy Vashington

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing