Tramp Rossiyaga qarshi “do‘zox sanksiyalari”ga “yashil chiroq” yoqdi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar haqidagi qonun loyihasiga “yashil chiroq” yoqdi. Bu haqda bugun, 8 yanvar kuni mazkur tashabbus muallifi, respublikachi senator Lindsi Grem X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.

“Ovoz berish chog‘ida kuchli ikki partiyaviy qo‘llab-quvvatlashga umid qilaman, balki bu hatto kelasi haftadayoq sodir bo‘lar”, deb yozdi senator.

Uning bildirishicha, bu “o‘z vaqtida” bo‘ladi, chunki Ukraina tinchlikka erishish uchun yon berayotgan bir paytda Vladimir Putin “faqat gap bilan cheklanib, begunoh odamlarni o‘ldirishda davom etmoqda”.

“Bu qonun loyihasi Prezident Trampga Xitoy, Hindiston va Braziliya kabi davlatlarga ta’sir o‘tkazish uchun ulkan imkoniyat beradi – ularni Putinning Ukrainaga qarshi qonli urushini moliyalashtirayotgan arzon Rossiya neftini sotib olishni to‘xtatishga undaydi”, deya izoh bergan Grem.

Gap “do‘zox sanksiyalari” yoki “yakson qiluvchi sanksiyalar” nomi bilan tanilgan tashabbus haqida bormoqda. U AQSH tomonidan Rossiyaning neft, gaz, uran va boshqa xomashyosini sotib olayotgan davlatlardan import qilinadigan mahsulotlarga 500 foizlik boj joriy etishni nazarda tutadi.

Qonun loyihasi ilk bor 2025 yil aprelida senatorlar Lindsi Grem va Richard Blyumental tomonidan taqdim etilgan. Biroq Tramp Senatdagi respublikachilardan uni vaqtincha ovozga qo‘ymaslikni so‘ragan. “Reuters”ning Oq uydagi manbalariga ko‘ra, o‘shanda AQSH Prezidenti Ukraina masalasida Putin bilan “samarali muzokaralar” olib borishga umid qilgan. Shuningdek, u urush yakunlangach, AQSH Rossiya bilan iqtisodiy hamkorlikni boshlashi mumkinligiga ishonch bildirgan.

2025 yil oktyabr oyida Moskva va Vashington o‘rtasidagi muzokaralar bir necha raunddan keyin ham davom etayotgan bir paytda, Senatdagi respublikachilar yetakchisi Jon Tyun sanksiyalar haqidagi qonun loyihasi bir oy ichida ovozga qo‘yilishi mumkinligini aytgan. Noyabr oyida esa Grem Tramp tashabbusni ilgari surish bo‘yicha topshiriq berganini bildirgan. Biroq shundan so‘ng ham hujjat senatorlar tomonidan ko‘rib chiqilmagan.

“The Washington Post” nashri qonun loyihasi muhokamasi fonida uning qabul qilinishi Rossiyadan ko‘ra AQSHning o‘ziga ko‘proq zarar yetkazishi mumkinligini qayd etgan. Sababi, Rossiya energetika resurslarini Vashingtonning ko‘plab muhim hamkorlari, jumladan Yevropadagi davlatlar ham sotib oladi. Oqibatda AQSH o‘zini ayrim yirik iqtisodiyotlardan uzib qo‘yishi mumkin.

Eslatib o‘yamiz, avvalroq AQSH tomonidan neft sohasidagi eng yirik kompaniyalar – “Rosneft” va “Lukoyl”ga qarshi joriy etilgan sanksiyalar fonida Rossiyaning asosiy eksport nefti bo‘lgan Urals markali neft narxi barreliga taxminan 34 dollargacha pasaygani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Donal'd Tramp sanktsiya do'zox sanktsiyalari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing