Tramp Turkiyaga boradi (video)
Olam
−
04 iyun 2328 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp iyul oyida Turkiya poytaxti Anqarada bo‘lib o‘tadigan NATO sammitida ishtirok etadi. Bu haqda AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Kongressdagi tinglovlar vaqtida ma’lum qildi.
“Qo‘shma Shtatlar NATO tarkibida qolmoqda va biz Turkiyada ushbu masalalarni muhokama qilish uchun bo‘lamiz. Prezident Tramp NATO davlat rahbarlarining navbatdagi uchrashuvida shaxsan qatnashadi”, degan Rubio.
7–8 iyul kunlari Anqarada o‘tkaziladigan NATO sammitida Trampning ishtiroki hozirgacha rasman tasdiqlanmagandi. AQSH Prezidenti alyansdagi ayrim hamkorlarning harakatlaridan norozi ekanini bir necha bor bildirgani sababli uning sammitda qatnashishi savol ostida qolayotgandi.
Xususan, Tramp ayrim davlatlar Eron bilan urush sharoitida AQSHni yetarlicha qo‘llab-quvvatlamayotgani, shuningdek, Amerika harbiylariga Yaqin Sharqdagi bazalari va havo hududlaridan foydalanish imkoniyatini har doim ham bermayotganini tanqid qilgan.
Marko Rubioning ta’kidlashicha, Anqaradagi sammit NATO tarixidagi eng muhim uchrashuvlardan biriga aylanishi mumkin.
Uning so‘zlariga ko‘ra, sammit davomida alyans faoliyatiga oid muhim masalalar muhokama qilinadi hamda “aniqlashtirilishi va tuzatilishi kerak bo‘lgan” jihatlar ko‘rib chiqiladi.
“Qo‘shma Shtatlar NATO a’zosi bo‘lib qoladi, biroq alyans muhim o‘zgarishlarga muhtoj”, degan Rubio.
NATO sammitida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham ishtirok etadi. U 3 iyun kuni Kiyevda NATO Bosh kotibi Mark Ryutte bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida sammitga shaxsan borishini tasdiqlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mark Ryutte Vladimir Zelenskiyning 2026 yil iyul oyida Turkiyada o‘tadigan NATO sammitiga taklif etilganini ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi