Tramp Venesuelaga zarba berishni buyurdi. Maduro armiyani oyoqqa turg‘izdi – OAV (video)

Olam

image

Bugun, 3 yanvar kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Venesueladagi qator ob’ektlarga, jumladan, harbiy nishonlarga zarbalar berish haqida buyruq bergan. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, CBS News telekanali jurnalisti xabar berdi.

Telekanalga ko‘ra, Tramp Venesuela hududidagi ob’ektlarga, jumladan harbiy infratuzilmaga zarba berishni buyurgan. Bu qaror bugun, 3 yanvar kuni erta tongda AQSH ma’muriyati Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro rejimiga qarshi kampaniyani kuchaytirgan bir paytda qabul qilingan.

Qayd etilishicha, bu zarbalar AQSHning mintaqadagi harbiy salohiyatini bir necha oy davomida oshirib borishi ortidan amalga oshirilgan. Xususan, eng yirik aviatsiya tashuvchisi USS Gerald R. Ford va boshqa ko‘plab harbiy kemalar Karib dengiziga joylashtirilgan edi.

Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro esa mamlakatning keng qamrovli mudofaa tizimini zudlik bilan ishga tushirish va milliy kuchlarni safarbar etish haqida buyruq bergan.

“Prezident Nikolas Maduro milliy mudofaaning barcha rejalarini amalga oshirishni buyurdi. U darhol qurolli qarshilikka o‘tish to‘g‘risidagi farmonni kuchga kiritishni topshirdi. Butun mamlakat ushbu imperialistik tajovuzni qaytarish uchun safarbar qilinishi lozim”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, Maduro Millatning keng qamrovli mudofaasi qo‘mondonligini, shuningdek Venesuelaning barcha shtat va munitsipalitetlarida keng qamrovli mudofaa organlari boshqaruvlarini zudlik bilan ishga tushirishni buyurgan.

CNN ma’lumotlariga ko‘ra, Venesuela hukumati AQSH harakatlarini qoralab, ularni “o‘ta jiddiy va qo‘pol harbiy tajovuz” deb atagan. Rasmiy bayonotda AQSH Karakas hamda Miranda, Aragaua va La-Guayra shtatlariga hujum qilganlikda ayblangan. 

Shuningdek, Venesuela Mudofaa vazirining uyi Fort Tiuna harbiy bazasida o‘qqa tutilgani aytilmoqda. Uning taqdiri haqida hozircha hech qanday ma’lumot yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 3 yanvar kuni ertalabdan beri Venesuela poytaxtida va mamlakatning boshqa aholi punktlarida portlashlar sodir bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.

Buning ortidan Kolumbiya Prezidenti Gustavo Petro Venesuela poytaxti Karakas harbiy hujumga uchrayotganini ma’lum qildi.

Qayd etish joiz, 2025 yil kuz boshida AQSH Karib dengizi hududiga o‘zining eng zamonaviy Gerald Ford aviatsiya tashuvchisini, esminetslar va qiruvchi samolyotlarni yuborgan edi. Sentyabr oyidan buyon giyohvand moddalar tashiyotgan kemalarga zarbalar berilmoqda. AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Nikolas Maduroni Venesuelaning huquqiy prezidenti sifatida tan olmaydi va mamlakat hukumatini narkotrafikka qarshi yetarlicha kurash olib bormayotganlikda ayblaydi.

17 dekabr kuni Tramp Venesuelaga borayotgan va undan chiqayotgan, sanksiyalar ostidagi barcha neft tankerlarini to‘liq blokadaga olish buyrug‘ini berganini e’lon qilgan.

Sentyabr boshida CNN Tramp Venesuela hududidagi narkokartellarga zarba berish variantini ko‘rib chiqayotganini xabar bergan edi. Biroq noyabr o‘rtalariga kelib, Tramp Venesuelada quruqlikdagi harbiy operatsiya o‘tkazish yoki o‘tkazmaslik bo‘yicha hali qaror qabul qilmagani ma’lum qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Venesuela Donal'd Tramp Nikolas Maduro

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing