Shoshilinch: Tramp futbol uchun viza garovi talabini bekor qildi
Sport
−
14 may 3302 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati futbol bo‘yicha 2026 FIFA World Cupʼni tomosha qilish uchun keladigan xorijiy muxlislar uchun 15 ming dollarlik viza garovi talabini bekor qildi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Agar 50 ta davlat fuqarolari Jahon chempionati o‘yinlari uchun amaldagi chipta bilan AQSHga safar qilsa, ushbu garov pulini to‘lamaydi. Mazkur mamlakatlarning beshtasi - Jazoir, Kabo-Verde, Kot-d’Ivuar, Senegal va Tunis. Ular 2026 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionatiga yo‘llanma olgan.
AQSH Davlat departamentining konsullik ishlari bo‘yicha yordamchisi Mora Namdarning ma’lum qilishicha, Jahon chempionati chiptasiga ega bo‘lgan muxlislar uchun viza garovi talabi bekor qilingan.
Qayd etilishicha, ushbu garov tizimi o‘tgan yili joriy etilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi viza muddati tugaganidan keyin mamlakatda noqonuniy qolib ketish holatlarining oldini olishdan iborat edi. Garov puli tashrif buyuruvchining AQSHdagi ruxsat etilgan muddati yakunlangach qaytarilishi belgilangan.
Avvalroq, futbolchilar va murabbiylar ushbu talabdan ozod etilgandi. Endilikda esa Jahon chempionati uchun tasdiqlangan chiptaga ega oddiy muxlislar ham imtiyozdan foydalanadi.
FIFA ushbu qaror Oq uy bilan hamkorlikda “muvaffaqiyatli va rekord darajadagi global turnir o‘tkazish” yo‘lidagi muhim qadam ekanini bildirgan.
Shu bilan birga, Eron va Gaiti fuqarolari uchun AQSHga kirish cheklovlari saqlanib qolmoqda. Biroq Jahon chempionatida qatnashadigan futbolchilar va murabbiylar bundan mustasno etilgan.
AQSH hukumati o‘tgan yil oxirida ayrim davlatlardan keladigan sayohatchilar viza olish jarayonida o‘z ijtimoiy tarmoqlaridagi hisoblari haqida ma’lumot taqdim etishi kerakligini bildirgandi. Huquq himoyachilari esa bu kabi tekshiruvlar ayrim sayohatchilar uchun mamlakatga kiritmaslik, qo‘lga olish, kuchaytirilgan nazorat hamda ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyatni kuzatish xavfini oshirishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.
Zarnigor Xudoyberdiyeva
Live
Barchasi