Trampga FIFA‘ning birinchi tinchlik mukofoti topshirildi (video)
Sport
−
06 dekabr 1263 3 daqiqa
Kecha, 5 dekabr kuni Vashingtonda bo‘lib o‘tgan 2026 yilgi jahon chempionati qur’a tashlash marosimi doirasida AQSH Prezidenti Donald Trampga Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA)ning yangi joriy etilgan Tinchlik mukofoti topshirildi.
Marosim chog‘ida mukofot – oltin globus – Trampga FIFA rahbari Janni Infantino tomonidan oltin medal va sertifikat bilan birga taqdim etildi. Infantino Trampni “dunyo bo‘ylab tinchlik uchun qatiy sa’y-harakatlari” uchun maqtab, uning “tinchlik ishiga mustahkam sadoqati”ni ta’kidladi. Tramp esa buni “hayotimdagi eng yuksak sharaflardan biri” deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u “Kongoda millionlab odamlarning hayotini saqlab qolgan va ko‘plab mamlakatlarda urushlarni to‘xtatgan yoki oldini olgan”.
SID agentligining yozishicha, Infantino bu mukofotni bor-yo‘g‘i bir oy avval ta’sis etgan. FIFA saytiga ko‘ra, bu mukofot muntazam tarzda beriluvchi an’anaga aylanadi va “dunyoda tinchlik yo‘lida favqulodda va bitmas-tuganmas ishlar qilgan va shu orqali butun dunyo odamlarini birlashtirgan shaxslarga” topshiriladi. Mukofotni joriy etish qarori FIFA Kengashi roziligisiz qabul qilingani va bu ular uchun kutilmagan hol bo‘lgani qayd etiladi.
Avvalroq, Janni Infantino o‘zining “do‘sti” Donald Trampni Nobel Tinchlik mukofotiga ham taqdim etgan, lekin bu muvaffaqiyatsiz yakunlandi. U Instagram sahifasida Trampni “Isroil va HAMAS o‘rtasidagi otashkesimga erishishda hal qiluvchi harakatlari” uchun mukofotga loyiq deb yozgan edi.
Tramp Nobel mukofotiga da’vogar bo‘lgan, ammo oktyabrda nomzodlar ro‘yxatiga kiritilmagan. Mukofot venesuelalik faol Mariya Korina Machadoga berildi. Natijalar e’lon qilingach, Oq uy Nobel qo‘mitasini “partiyaviy manfaatlarni tinchlikdan ustun qo‘yishda” aybladi.
Iyul oyida Infantino AQSH Prezidentiga AQSHda o‘tkazilgan Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatining haqiqiy bosh sovg‘ini taqdim etgan, g‘olib – Londonning “Chelsi” jamoasi esa keyinchalik faqat uning nusxasini olgan. Tramp bu haqda:
“Biroz hayajonli edi, ammo u hozir Oval ofisda turibdi”, degan edi.
13 iyul kuni Nyu-Jersidagi “Met Layf” stadionida KCHM finalida “Chelsi”ning “Pari Sen-Jermen”ni 3:0 hisobida mag‘lub etganidan so‘ng, sahnaga mukofotlash marosimiga Donald Tramp tushdi. Lekin mukofotlar topshirilgandan so‘ng ketmay, o‘yinchilar bilan fotosessiyada qolib ketdi.
Bu vaziyat bir qancha futbolchilarda, xususan “Chelsi” yetakchilaridan biri Koul Palmerda noqulaylik uyg‘otdi. FIFA prezidenti bir necha marta uni sahnadan olib chiqishga harakat qilganiga qaramay, Tramp futbolchilarning birinchi qatorida qolaverdi.
Tramp shu marosim chog‘ida futbol va amerikcha futbol atamalarini qayta nomlash niyatini bildirib, AQSHda futbolning “soccer” deb atalishi va NFL sportining “football” deb nomlanishini “mantiqsiz” deb atadi. Uning ta’kidlashicha, amerikancha futbolda to‘p asosan qo‘l bilan boshqariladi, oyoq bilan emas.
“Biz NFL uchun boshqa nom topishimiz kerak”, dedi Prezident, ammo aniq variantlar taklif qilmadi.
AFP agentligi yozishicha, Tramp yozning o‘zida bu turlarni rasman qayta nomlash va hatto Prezident farmoni bilan belgilash haqida ham o‘ylab ko‘rgan.
Ma’lumot uchun, futbol bo‘yicha jahon chempionati 2026 yil 11 iyundan 19 iyulgacha Kanada, AQSH va Meksikada bo‘lib o‘tadi. Musobaqada ilk bor 32 emas, 48 terma jamoa qatnashadi. Jahon chempionatining guruh bosqichiga qur’a tashlash marosimida O‘zbekiston milliy terma jamoasi Portugaliya, Kolumbiya va Yamayka/Kongo/Yangi Koledoniya o‘tish o‘yini g‘olibi bilan birga “K” guruhidan joy oldi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionatini 2026 yil 17 iyun kuni Kolumbiyaga qarshi bahs bilan boshlaydi. Navbatdagi uchrashuv 23 iyun kuni Ronaldu yetakchiligidagi Portugaliyaga qarshi bo‘lib o‘tsa, guruh bosqichining so‘nggi bahsi 27 iyun kuni o‘tish o‘yini g‘olibiga qarshi o‘tkaziladi. Uchrashuvlarning qaysi stadionlarda bo‘lib o‘tishi bugun, 6 dekabr kuni e’lon qilinadi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr