Trampni o‘ldirishda ayblanayotgan erkak Eron tomonidan yollangan – OAV
Olam
−
05 mart 4936 2 daqiqa
AQSHda Donald Trampni o‘ldirishni rejalashtirganlikda ayblanayotgan pokistonlik erkak sudda Eron tomonidan majburlanganini ma’lum qildi. Bu haqda “The New York Times” xabar berdi.
Ayblanuvchi Asif Merchant sud jarayonida Eronning Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi bilan ixtiyoriy hamkorlik qilmaganini, balki Tehrondagi oilasini himoya qilish uchun bu ishga majburlanganini ta’kidlagan.
AQSH Adliya vazirligi Merchantni Tramp va boshqa amerikalik siyosatchilarga qarshi suiqasd rejasini amalga oshirishda ayblamoqda. Rasmiylarning fikricha, bu reja AQSH zarbasi oqibatida halok bo‘lgan Eronning Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi qo‘mondoni Qosim Sulaymoniy o‘limi uchun qasos olish maqsadida ishlab chiqilgan.
Xabarlarga ko‘ra, Merchant sudda o‘ziga aniq bir shaxsni o‘ldirish bo‘yicha buyruq berilmaganini aytgan. Biroq uning yana bir eronlik hamkori uch kishining nomini tilga olganini bildirgan. Ular – Donald Tramp, AQSH sobiq Prezidenti Jo Bayden va respublikachilar siyosatchisi Nikki Xeyli.
Asif Merchant 2024 yilda o‘tkazilgan maxfiy operatsiya vaqtida hibsga olingan. Suiqasd bo‘yicha sud jarayoni AQSH Prezidenti Donald Tramp Isroil bilan birgalikda Eronga qarshi hujumlar uyushtirishni buyurganidan bir necha kun oldin boshlangan. Ushbu hujumda Eronning oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanayi va bir qator yuqori lavozimli amaldorlar halok bo‘lgan.
Tramp ham Merchantni Eronga aloqador suiqasd fitnasini uyushtirganlikda gumon qilmoqda.
“Men Xomanayini u meni qo‘lga olishidan oldin o‘ldirdim”, degan AQSH Prezidenti.
Prokurorlar esa Merchantning majburlanganiga oid da’volarini rad etib, bunga dalillar yo‘qligini ma’lum qilgan. Agar u aybdor deb topilsa, umrbod qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH harbiylari mamlakat Prezidenti Donald Trampga qarshi suiqasd rejasiga aloqador deb hisoblangan eronlik amaldorni yo‘q qilgani haqida xabar bergandi.
Live
Barchasi