Trampning ashaddiy tarafdori omma oldida otib o‘ldirildi
Tahlil
−
11 Sentabr 4317 4 daqiqa
Turning Point USA notijorat tashkiloti rahbari, konservativ faol va Trampning eng mashhur tarafdorlaridan biri Charli Kirk 10 sentyabr kuni Yutadagi universitetda otib ketildi. U yuzlab talabalar qarshisida nutq so‘zlayotgan edi. Qotil Kirkning bo‘ynini nishonga oldi. Voqeadan so‘ng, 31 yoshli Kirk bo‘ynidan yaralanib, og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizildi, ammo uning hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmadi. Hodisa aks etgan videotasvirlar internetni portlatdi. Jarayon katta tezlikda ijtimoiy tarmoqlarda virus kabi tarqaldi. Uning atrofidagi muhokamalar hali ham avjida.
AQSH jamoatchiligi faoli va yoshlar orasida katta tasirga ega bo‘lgan Charli Kirkning o‘limiga shaxsan Prezident Trampning o‘zi munosabat bildirdi. U o‘ziga tegishli ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida marhumning oila a’zolariga hamdardlik bildirdi. Kirk Trampning norasmiy shaxslar ichidagi eng mashhur tarafdori edi.
“Ulug‘ va hatto afsonaviy Charli Kirk oramizdan ketdi. Hech kim AQSH yoshlarini u kabi tushunmagan va ularga yordam bermagan. Uni hamma sevardi va hurmat qilardi, ayniqsa men. Endi u yo‘q. Men va Melaniya uning rafiqasi Erika va oilasiga samimiy ta’ziya bildiramiz. Charli, biz seni yaxshi ko‘ramiz”, deya yozgan AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.
Tramp, shuningdek, mamlakat bo‘ylab bayroqlarni 14 sentyabr kuni kechgacha tushirib qo‘yishga buyruq berdi. Yuta gubernatori Spenser Koks jinoyatchilar jazosiz qolmasligini aytgan. AQSH siyosatchilari, jumladan, sobiq prezident Jo Bayden ham marhumning yaqinlariga ta’ziya izhor qilib, bunday zo‘ravonlikka AQSHda o‘rin yo‘qligini bildirdi.
Kirk kim edi?
31 yoshli Charli Kirk AQSHdagi eng mashhur konservativ faollardan biri edi. U 2012 yilda, 18 yoshida, biznesmen Bill Montgomeri bilan birga Turning Point USA tashkilotiga asos solgan. Bu nodavlat tuzilma talabalar orasida erkin bozor, cheklangan hukumat va “an’anaviy qadriyatlar”ni targ‘ib qilib kelardi. Bugungi kunda Turning Point USA'ning 850 dan ortiq universitetlarda bo‘limlari mavjud. Kirk boshchiligidagi bu tuzilma AQSH oliy ta’limiga va yoshlar ongiga chuqur kirib borgani aytiladi.
Charli Kirk mamlakat bo‘ylab yuzlab universitetlarda ochiq debatlar o‘tkazar, turli podkastlar va ijtimoiy tarmoqlarda faol edi. O‘z o‘rnida, u Trampning hokimiyat tepasiga qaytishida ham hal qiluvchi rollardan birini o‘ynagan. Kirk Donald Trampning saylov kampaniyasida yoshlarni safarbar qilishda asosiy figura bo‘lgan. Uning xizmatlari, ayniqsa, Arizonada yaqqol ko‘zga tashlangan. U mazkur hududda minglab yangi saylovchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishga ko‘maklashgan. Bu esa Trampning ushbu shtatdagi g‘alabasiga katta hissa qo‘shgan.
Bundan tashqari, Charli Kirk Trampning inauguratsiyasiga taklif qilingan va doimiy ravishda Oq uy tadbirlarida ishtirok etgan. Tramp uni yoshlar orasidagi mashhurligi uchun o‘z siyosiy faoliyatida muhim shaxs sifatida ko‘rgan.

Marhumning ayoli va ikki farzandi bor bo‘lib, ayni damda uning oilaviy tushgan suratlari barcha ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalmoqda.
Qotil hali ham topilmadi
Kirkning qotili hali ham topilgani yo‘q. Dastavval, 10 sentyabr kuni uning o‘ldirilishi ortidan bir gumonlanuvchi qo‘lga olingandi. Ammo keyinroq AQSH Federal qidiruv byurosi rahbari Kash Patel ushbu shaxs so‘roq qilingach, qo‘yib yuborilganini ma’lum qildi.
Patelga ko‘ra, mazkur qotillik bo‘yicha tergov davom etmoqda va jarayon shaffoflik bilan yoritib boriladi. Shu bilan birga, Yuta shtati Jamoat xavfsizligi komissari Bo Meyson qotil hanuz ozodlikda ekanini aytib, u haqida ma’lumotlar faqatgina kuzatuv kameralaridan olinganini qo‘shimcha qilgan. Meysonning so‘zlariga ko‘ra, gumonlanuvchi qora kiyimda bo‘lgan va uzoq masofadan, ehtimol, tomdan o‘q uzgan bo‘lishi mumkin.
Yuta shtati gubernatori Spenser Koks ham so‘roq qilingan shaxs haqida ma’lumot bergan. Dastlab universitet hududida yoshi katta erkak qo‘lga olingani haqida xabar tarqalgan edi, biroq keyin u gumonlanuvchi emas, balki maxsus xizmatlarga to‘sqinlik qilgani uchun ushlangani ma’lum bo‘ldi. Hozircha Kirkning o‘limi haqida faqat shular ochiqlangan. Qotilni qidirish esa davom etmoqda.
Live
Barchasi