Trampning yangi tariflari kuchga kirdi

Olam

image
Tramp YeI bilan savdo bitimi tuzilganini e’lon qildi north_east

Tramp YeI bilan savdo bitimi tuzilganini e’lon qildi

AQSHning Yevropa Ittifoqi va boshqa savdo sheriklariga nisbatan qo‘shimcha import tariflari kuchga kirdi. Bu haqda AQSH Prezidenti Donald Tramp bugun, 7 avgustga o‘tar kechasi Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida bosh harflar bilan yozdi.

"Yarim tun bo‘ldi! Tariflardagi milliardlab dollarlar endi AQSHga tushadi, asosan AQSHni yillar davomida ekspluatatsiya qilib, kulib kelgan davlatlardan", deb yozdi Tramp.

Aslida yangi bojlar  1 avgustdan kuchga kirishi kerak edi. Biroq Oq uy 31 iyul kuni AQSH Prezidenti bir qator davlatlarga nisbatan yangi bojxona to‘lovlarini joriy etish to‘g‘risidagi farmon chiqargani va unga ko‘ra, yangi tariflar 7 avgustdan kuchga kirishini ma’lum qildi. Amerikalik rasmiylar bunga sabab sifatida yangi qoidalarni amalga oshirish uchun ko‘proq vaqt kerakligini keltirdi. Oq uy hujjatiga ko‘ra, bu chora “amerikalik ishchilar manfaatlaridan kelib chiqqan holda global savdoni qayta qurish”ga qaratilgan.

Ba’zi eng yuqori tariflar Shveysariya (39%), Suriya (41%), Laos va Myanma (40%), shuningdek, Iroq (35%), Qozog‘iston (25%) va Hindiston (25%) uchun belgilangan. Yevropa Ittifoqi, Yaponiya va Janubiy Koreya uchun 15% qo‘shimcha to‘lov ko‘zda tutilgan. Ro‘yxatda bo‘lmagan mamlakatlarga 10% lik yagona tarif qo‘llaniladi.

Tramp Hindiston Rossiyadan harbiy texnika va energiya manbalarini xarid qilgani uchun ham “jazolanishi” kerakligini aytdi. U Hindiston nafaqat katta miqdorda Rossiya neftini sotib olayotgani, balki bu neftni ochiq bozorda qayta sotib, katta foyda olayotganini ta’kidladi

Hindiston Tashqi ishlar vazirligi bu tanqidlarni asossiz deb atadi. 

“Hindiston Rossiyadan neft sotib olishga majbur. Bizni tanqid qilayotgan mamlakatlarning o‘zlari ham Rossiya bilan savdoni davom ettirmoqda. Biroq ularning bunday harakatlari hayotiy milliy zaruratdan kelib chiqmaydi”, deyiladi Hindiston tomonining javobida.

Hindiston vakillarining tushuntirishicha, Ukraina urushi boshlanganidan keyin an’anaviy neft yetkazib beruvchilar Yevropaga yo‘nalgan, AQSH esa o‘zi ham Hindistonga Rossiya neftini sotib olishni ma’qullagan, bu global energiya bozoridagi barqarorlik uchun kerak bo‘lgan.

Shuningdek, 5 avgust kuni Tramp Yevropa Ittifoqi kelishuv bo‘yicha sarmoyaviy majburiyatlarini bajarishdan bosh tortsa, unga 35 foizlik bojlar joriy etish bilan tahdid qilgan edi. Shu bilan birga, Tramp Yevropa Ittifoqining AQSH iqtisodiyotiga sarmoya kiritishi haqidagi kelishuvni “sovg‘a” deb atadi.

"Va bu sovg‘a, bu qarz emas. Ular bizga 600 milliard dollar berishdi, biz xohlagan narsaga sarmoya kiritishimiz mumkin", dedi Tramp.

DPA agentligining yozishicha, Trampning bu bayonotlari YeIning kelishuv talqiniga zid. Yevropa Komissiyasi veb-saytida aytilishicha, YeI AQSHdan energiya resurslarini 750 milliard dollarga sotib olmoqchi va “Yevropa Ittifoqi kompaniyalari 2029 yilgacha AQSH iqtisodiyotining turli tarmoqlariga kamida 600 milliard dollar sarmoya kiritishga qiziqish bildirgan”.

Oq uy kelishuvning ushbu bandini YeIning majburiyati, Bryussel esa kompaniyalarning niyati sifatida izohlamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp boj

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing