To‘qayev Kaspiy dengizi xavf ostida ekanini aytdi

Olam

image

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Kaspiy dengizida har qanday harbiy qurol qo‘llashni istisno qilish va taqiqlashga chaqirdi. Bu haqda u bugun, 22 aprel kuni Ostonada o‘tkazilayotgan Mintaqaviy ekologik sammitdagi nutqida so‘z ochdi.

Respublika rahbari Kaspiy dengizi xavf ostida ekanini hamda uning himoyasi ekologik muvozanat, xilma-xillik va mintaqaviy barqarorlik uchun zarurligini ta’kidlagan. Shu munosabat bilan Qozog‘iston dengizning keyingi degradatsiyasining oldini olish bo‘yicha davlatlararo dastur ishlab chiqish tashabbusi bilan chiqqan, shuningdek, mintaqaviy ilmiy hamkorlikni rivojlantirish uchun Kaspiy dengizi ilmiy-tadqiqot institutini tashkil etgan.

“Biz barcha xalqaro hamkorlarni ushbu noyob tabiiy boylikni saqlab qolish borasidagi sa’y-harakatlarimizni qo‘llab-quvvatlashga chaqiramiz. Shu sababli, Kaspiy mintaqasida har qanday harbiy qurol qo‘llanilishi istisno qilinishi va taqiqlanishi lozim”, deydi Qozog‘iston Prezidenti.

Shu bilan birga, u global suv hamkorligi masalasini ham ko‘targan. Xususan, To‘qayev 2025 yil dekabr oyida Ashxobodda Birlashgan Millatlar Tashkilotining agentligi sifatida Xalqaro suv tashkilotini tuzish taklif qilinganini eslatib o‘tgan.

Respublika rahbarining so‘zlariga ko‘ra, ushbu tashabbus hozirgi vaqtda juda dolzarb, chunki BMT minglab mandatlarni qayta ko‘rib chiqmoqda va bu global suv resurslarini boshqarishni kuchaytirish uchun imkoniyat yaratadi. Ushbu taklif bo‘yicha maslahatlashuvlarning birinchi raundi Qozog‘iston poytaxtida o‘z ishini boshlagan sammit doirasida bo‘lib o‘tadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Ostonada o‘tayotgan Mintaqaviy ekologik sammitda “Markaziy Osiyoning toza havosi” davlatlararo konsorsiumini ta’sis etishni taklif qilgan edi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Prezidenti yana 7 ta aniq taklifni ilgari surdi.


Maqola muallifi

Teglar

Qosim-Jomart To'qaev Kaspiy dengizi ekologik sammit

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing