To‘qayev Polshada hibsga olingan qozog‘istonlik ishiga shaxsan aralashdi
Olam
−
02 may 5109 2 daqiqa
Polshada josuslikda ayblanib hibsga olingan Qozog‘iston fuqarosi Prezident Qosim-Jomart To‘qayevning shaxsiy sa’y-harakatlari tufayli ozod etildi. Bu haqda davlat rahbarining maslahatchisi va matbuot kotibi Oybek Smadiyarov ma’lum qildi.
Maslahatchining so‘zlariga ko‘ra, Prezidentning shaxsan o‘zi bu vaziyatga aralashgan.
“Ma’lumki, joriy yilning 28 aprel kuni Polsha Respublikasi hududida avval hibsga olingan Qozog‘iston Respublikasi fuqarosi ozod etildi. Bu ozodlik davlat rahbari Qosim-Jomart To‘qayevning shaxsiy sa’y-harakatlari tufayli amalga oshdi. U Qozog‘iston fuqarolarining huquq va manfaatlarini, jumladan, xorijda ham izchil himoya qilib kelmoqda”, deydi Smadiyarov.
Shuningdek, u davlat rahbari yaqinda Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko bilan bo‘lgan telefon suhbati chog‘ida ushbu vaziyatdagi konstruktiv hamkorlik uchun minnatdorlik bildirganini ta’kidlagan. Bundan tashqari, Smadiyarovning aytishicha, To‘qayev Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga ham o‘zaro maqbul natijaga erishishda ko‘maklashgani uchun minnatdorlik bildirgan.
“Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Polsha Respublikasi Prezidenti Karol Navrotskiy va Bosh vazir Donald Tusk nomiga maktublar yuborib, mavjud vaziyatda Polsha tomonining vazmin yondashuvi uchun minnatdorlik bildiradi”, deb qo‘shimcha qilgan u.
Ma’lumot uchun, ayrim xorijiy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, gap Ukrainadagi Qozog‘iston elchixonasi harbiy attashesining yordamchisi Anvar Boqiboy haqida ketmoqda. Polsha hukumati uni Rossiya manfaatlari yo‘lida ishlaganlikda gumon qilgan. U “5 ga 5” formatidagi mahbuslar almashinuvi doirasida Belarus tomoniga topshirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniyada Rossiya foydasiga qo‘poruvchilik harakatlariga tayyorgarlik ko‘rish va josuslik qilishda gumonlanayotgan Qozog‘iston fuqarosi qo‘lga olingani haqida xabar berilgan edi.
Oybek Rustamov
Live
Barchasi