Turkiy davlatlar harbiy ittifoq tuzadimi?
Olam
−
15 may 4589 2 daqiqa
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Turkiy davlatlar tashkilotini harbiy alyans yoki geosiyosiy loyihaga aylantirish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlamasligini ma’lum qildi. Bu haqda u bugun, 15 may kuni Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar yetakchilarining norasmiy sammitida so‘z ochdi.
Qozog‘iston rahbarining so‘zlariga ko‘ra, axborot maydonida vaqti-vaqti bilan harbiy alyans haqidagi g‘oyalar paydo bo‘lib turibdi, biroq Qozog‘iston ularni destruktiv (vayronkor) va birlashma maqsadlariga zid deb hisoblaydi.
“Ularning g‘arazli niyatlari bizga ayon. Shuningdek, ularning maqsadlari yarashish bilan bog‘liq emasligi ham ma’lum. Qozog‘iston bunday pozitsiyani rad etish kerak, deb hisoblaydi. Biz uchun turkiy dunyo birligini mustahkamlash – o‘ta muhim va kechiktirib bo‘lmaydigan ustuvor vazifadir. Turkiy davlatlar tashkiloti – bu geosiyosiy loyiha ham, harbiy tashkilot ham emas. Bu birodar davlatlar o‘rtasidagi savdo, iqtisodiy, yuqori texnologiyali, raqamli va madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlaydigan noyob platformadir”, deydi Qozog‘iston Prezidenti.
To‘qayev Qozog‘iston uchun turkiy dunyo ichida ishonchni mustahkamlash va ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish ustuvor vazifa bo‘lib qolishini alohida ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday pozitsiya Qozog‘iston uchun muhim ustuvor yo‘nalish hisoblanadi.
“Bu milliy manfaatlar nuqtai nazaridan ham samaralidir. Turkiy dunyo o‘z maqsadlaridan chalg‘imagan holda, doimo tinchlik-totuvlikda yashashi va birgalikda rivojlanishi kerak. Shu sababli, bugungi uchrashuv, shubhasiz, umumiy ildizlar va umumiy tarixga ega bo‘lgan mamlakatlarimiz birligini mustahkamlaydi”, deydi To‘qayev.
Ma’lumot uchun, ayni damda Turkistonda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar yetakchilarining norasmiy sammiti bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq mazkur sammit doirasida Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar delegatsiyalari rahbarlari bilan birgalikda Turkiston shahrining tarixiy-madaniy markazida bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi