To‘qayev Trampga $ 1 mlrd berdimi?
Olam
−
23 yanvar 9091 2 daqiqa
Qozog‘iston Respublikasi G‘azo bo‘yicha “Tinchlik kengashi”ga $1 mlrd miqdoridagi badalsiz a’zo bo‘ldi. Bu haqda Prezident Qosim-Jomart To‘qayevning matbuot xizmati jurnalistlarga ma’lum qildi.
“Tinchlik kengashiga a’zo bo‘lish uchun davlatning mutlaq suveren qarori talab etiladi. Kengashga a’zo bo‘lgan paytdan boshlab davlatning Kengashda bo‘lish muddati uch yilni tashkil etadi. Nizomda ko‘rsatilgan 1 milliard dollar miqdoridagi ixtiyoriy badal a’zolik sharti hisoblanmaydi. Bu har bir ishtirokchining huquqi. Agar bunday badal birinchi yil davomida amalga oshirilsa, davlat Kengashda bo‘lish muddatini belgilangan uch yillik muddatdan ko‘proq uzaytirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Qozog‘iston “Tinchlik kengashi”ga hech qanday moliyaviy hissa qo‘shmasdan a’zo bo‘ldi, bu Nizom qoidalariga to‘liq mos keladi”, deyiladi xabarda.
Kecha, 22 yanvar kuni 19 mamlakat vakillari Davosdagi Jahon iqtisodiy forumi doirasida G‘azo sektorida tinchlik o‘rnatish doirasida tuzilgan “Tinchlik kengashi” nizomini imzoladi. Kengash tashabbuskori AQSH Prezidenti Donald Trampning aytishicha, tashkilotga boshqa davlatlar ham qo‘shilgan.
“Tinchlik kengashi” Isroil va Falastinning HAMAS radikal harakati o‘rtasida G‘azo sektorini boshqarish bo‘yicha kelishuvga muvofiq tuzilgan, biroq u boshqa mintaqalardagi mojarolarning oldini olish va hal qilish bilan ham shug‘ullanishi taxmin qilinmoqda.
Ushbu tashkilot Nizomini imzolash marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etdi va O‘zbekiston Kengashga qo‘shildi. Biroq, rasmiy Toshkent ushbu tashkilotga qay tartibda a’zo bo‘lgani hozircha ma’lum emas.