Turkiya osmonida yana bir Eron raketasi urib tushirildi (video)

Olam

image

Bugun, 13 mart kuni Turkiyaning Adana shahridagi Injirlik harbiy-havo bazasi tomon yo‘naltirilgan va Eronga tegishli ekani da’vo qilingan uchinchi raketa mudofaa tizimlari tomonidan havoda yo‘q qilindi. Bu haqda “Cumhuriyet” xabar qildi.  

Qayd etilishicha, Adanada mahalliy vaqt bilan taxminan soat 03:30 atrofida ogohlantiruvchi sirena ovozi yangragan. Sirena tovushlari ortidan shahar aholisida katta vahima yuzaga kelgan.

Xavfsizlik manbalarining ma’lum qilishicha, Erondan uchirilgan uchinchi raketa havoda yo‘q qilingan. 

Turkiya Mudofaa vazirligi holat yuzasidan bayonot berdi. Unda aytilishicha, uchinchi raketa ham Eron hududidan otilgan va Sharqiy O‘rta yer dengizida joylashgan NATO havo va raketaga qarshi mudofaa tizimlari tomonidan zararsizlantirilgan.

“Mamlakatimiz hududi va havo makoniga qaratilgan har qanday tahdidga qarshi barcha zarur choralar qat’iyat bilan va ikkilanmasdan ko‘rilmoqda. Hodisaning barcha jihatlarini aniqlash maqsadida tegishli davlat bilan muzokaralar olib borilmoqda”, deyiladi bayonotda.

Shuningdek, vazirlik milliy xavfsizlik ustuvor hisoblanib, mintaqadagi barcha jarayonlar diqqat bilan kuzatilayotganini bildirgan.

Oldinroq, Erondan Turkiya tomon yana, ya’ni uchinchi raketa uchirilishi ehtimoli ham ko‘rib chiqilgan. Bu holatda Turkiya urushga tortib ketadigan hech qanday ssenariyda ishtirok etmasligi aytilgan. Hukumat vaziyatga sovuqqonlik va ehtiyotkorlik bilan yondashishda, shuningdek, ogohlantiruvchi choralar qo‘llashda davom etishini ta’kidlagan.

Turkiyada Eron raketasi

Joriy yilning 4 mart kuni Turkiya osmonida Erondan uchirilgan ballistik raketa yo‘q qilingandi. Shundan so‘ng, Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon qo‘shnilaridan uzr so‘radi va hujumlarni to‘xtatishga va’da berdi. Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan esa Turkiya oson provakatsiyaga beriladigan mamlakat emasligini aytib, Eronni keskin ogohlantirdi.  

Shunga qaramay, 9 mart kuni Eron tomonidan otilgan yana bir ballistik raketa Turkiya havo hududida urib tushirildi. Shu kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Eronni xato qilishdan tiyilishga va qaysarlik qilmaslikka chaqirdi.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi bilan mazkur hodisa yuzasidan telefon orqali muloqot qildi. Unda Aroqchi Eronning raketaga aloqasi yo‘qligini aytdi. Ushbu hujumlardan so‘ng Malatyaga Turkiyada havo hududini himoya qilish maqsadida Patriot havo mudofaa tizimi joylashtirilishi aytildi

Mazkur hodisalardan so‘ng Turkiya Eron inkor qilgan raketalarning uchirilish nuqtasini aniqladi. Unga ko‘ra, joriy yilning 4 va 9 mart kunlari yo‘naltirilgan raketalar uchish masofasi taxminan 1200 kilometrga ega va har ikkala raketaning uchishi Tehron sharqidagi hududdan amalga oshirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Mudofaa vazirligi Eron raketa Adana

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing