Turkiyada NATO qarorgohi quriladi
Olam
−
11:52 1385 1 daqiqa
Turkiya Milliy mudofaa vazirligi mamlakatda ko‘p millatli NATO qarorgohi tashkil etilishini e’lon qildi. Bu haqda Anqarada 26 mart kuni o‘tkazilgan haftalik matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Vazirlik ma’lum qilishicha, 2023 yilda NATOning Janubi-sharqiy mintaqaviy rejasi doirasida ushbu qarorgohni tashkil etish bo‘yicha ishlar boshlangan, 2024 yilda esa bu niyat NATOga rasman bildirilgan.
Bayonotga ko‘ra, shtab turk generali qo‘mondonligida faoliyat yuritishi rejalashtirilgan. Shu maqsadda 6-korpus qo‘mondonligi mas’ul etib tayinlangan va milliy kadrlar uchun zarur tayinlovlar amalga oshirilgan.
Qarorgohni ko‘p millatli tuzilishga aylantirish ishlari NATO bilan hamkorlikda davom etayotgani, biroq NATO jarayonlar hali yakunlanmagani va tasdiqlash ishlari davom etayotgani qayd etilgan.
Qarorgohning vazifasi NATOning mintaqaviy rejalari doirasida o‘ziga ajratiladigan kuchlarning integratsiyalashuvini ta’minlash hamda mas’uliyat hududida tiyib turish va mudofaa faoliyatini qo‘llab-quvvatlashdan iborat bo‘lishi ta’kidlangan.
Shuningdek, vazirlik NATOning Janubi-sharqiy mintaqaviy rejasi avvaldan ittifoqchilar tomonidan tasdiqlanganini eslatib, tashkil etilishi rejalashtirilayotgan shtabning mintaqadagi so‘nggi voqealar bilan bevosita bog‘liq emasligini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan Turkiya Yaqin Sharqdagi urushga munosabat bildirib, hech kim mamlakatni urushga tortolmasligini bildirgandi.