Turkiyada sayyoh oilaning fojiaviy o‘limiga nima sabab bo‘lgani aytildi
Olam
−
28 noyabr 22997 3 daqiqa
Istambul prokuraturasi kecha, 27 noyabr kuni ma’lum qilishicha, Gamburgdan kelgan va Istambulda sayohat davomida vafot etgan oilaning o‘limiga mehmonxonada zararkunanda hasharotlarga qarshi qo‘llangan insektitsiddan zaharlanish sabab bo‘lgan.
Ilgari taxmin qilinganidek, oziq-ovqatdan zaharlanish versiyasi tasdiqlanmadi. Shuningdek, oilaning jarohat oqibatida vafot etgani belgilari ham aniqlanmadi.
Tergov doirasida qo‘lga olingan olti kishi hali ham hibsxonada saqlanmoqda. Ular orasida mehmonxona egasi va zararkunandaga qarshi kurash kompaniyasi rahbari bor. Qolgan to‘rt gumonlanuvchi ozod qilingan. Vaholanki, avvalroq oila ovqat xarid qilgan ko‘cha sotuvchilari ham vaqtincha ushlangan edi.
Istambul prokuraturasi qaysi modda qo‘llanganini ochiqlamadi. Biroq OAV, sud-tibbiy ekspertiza hisobotlariga tayanib, mehmonxonada fosfin gazi aniqlanganini ma’lum qildi. “Anadolu” davlat axborot agentligining yozishicha, fosfin mehmonxona xonalaridan olingan namuna va sochiqlarda ham topilgan.
Alyuminiy fosfidi zararkunandalarga qarshi kurashda ko‘p qo‘llanadi. U suv yoki baland namlik bilan reaksiyaga kirishganda, o‘ta zaharli fosfin gazini ajratadi. Bu gaz sut emizuvchi jonivorlar organizmi hujayralarini shikastlaydi va yuqori konsentratsiyada qonda kislorod tashilishini buzadi. Fosfinni nafas orqali qabul qilish yo‘tal, qusish, jigar va buyrak faoliyatining izdan chiqishiga olib kelishi mumkin va o‘limga ham sabab bo‘ladi.
Gamburgdan kelgan otasi, onasi va ikki kichik bolasi bo‘lgan oila noyabr oyi o‘rtalarida Istambulda dam olish chog‘ida ko‘ngil aynishi va qusish alomatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay, barchasi vafot etdi. Turkiyalik ildizlarga ega bu oilaning fojiali o‘limi Turkiyada keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Turkiyada germaniyalik oila fojiasi
Joriy yilning 9 noyabr kuni Germaniyaning Gamburg shahridan Istanbulga sayohat uchun kelgan oila – Sarvat Bo‘jek (ota, 36 yosh), Chig‘dam Bo‘jek (ona, 27 yosh), Muhammad Bo‘jek (o‘g‘il, 6 yosh) va Masal Bo‘jek (qiz, 3 yosh) Fotih tumanidagi “Harbour Suites Old City” mehmonxonasiga joylashgan. 10 va 11 noyabr kunlari ular O‘rtako‘y sayyohlik markazida midiya, pita noni, tantuni, kokorech va turk lokumlari kabi mahalliy ko‘cha taomlarini iste’mol qilgan. 12 noyabr kuni ular erta tongda ko‘ngil aynishi va qusishni boshdan kechirgan. Oila a’zolari shifoxonaga murojaat qilgan va ularga dastlabki tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Shundan so‘ng, ular yana mehmonxonaga qaytib kelgan.
13 noyabr kuni soat 3:00 atrofida oila yana tez yordam mashinasida shifoxonaga olib ketilgan. Ko‘rsatilgan muolajalarga qaramay, bolalar vafot etgan. 14 noyabr kuni ularning onasi ham hayotdan ko‘z yumgan. Sarvat Bo‘jek esa 17 noyabr kuni olamdan ko‘z yumgan.
Oila joylashgan mehmonxonada 11 noyabr kuni zararkunandalar va hasharotlarga qarshi dori purkash ishlari olib borilgan. Voqea joyini tekshirish guruhidan og‘zaki olingan ma’lumotlarga ko‘ra, oila joylashgan 201-xona kimyoviy vositalar purkalgan 101-xonaning tepasida joylashgan va havo almashish tizimi bo‘lmagan. Xuddi shu mehmonxonada tunagan yana ikki chet el fuqarosi 15 noyabr kuni shunga o‘xshash shikoyatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Shuningdek, mehmonxona dezinfeksiyasi paytida ishlatilgan kimyoviy moddalar va idishlar, ona Chig‘dam Bo‘jekning, ota Sarvat Bo‘jekning shifoxonada olingan birinchi qon namunasi va oshqozon tarkibi, ikki chet el fuqarosining shifoxonada olingan birinchi qon namunalari va oila joylashgan 201-xonadagi choyshablar Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan tekshirish uchun Sud-tibbiyot institutiga yuborilgan.
Hisobotda bolalarning tanasida o‘limga olib kelishi mumkin bo‘lgan jarohat alomatlari aniqlanmagani qayd etilgan. Ekspertizada oshqozon devorida dog‘li qon ketish va qizarishdan tashqari hech qanday muhim topilmalar kuzatilmagan.
Holat ortidan Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov doirasida to‘rt kishi, jumladan, midiya do‘koni, turk lokumlari do‘koni va oila ovqatlangan restoranning egasi hibsga olindi, restoran muhrlandi. Istanbul shahar politsiyasi esa yaqin atrofdagi pishirilgan kartoshka (kumpir) do‘konlarida tekshiruvlar o‘tkazdi. Mehmonxona xonasi, restoran va ko‘cha taomlari sotuvchilaridan tahlillar olingan va xavfsizlik kamerasi tasvirlari ko‘zdan kechirilgan.
Live
Barchasi