Turkiyada o‘ldirilgan ayolning jasadi O‘zbekistonga qaytarildi

Jamiyat

image

Avvalroq, Turkiyaning Istanbul shahrida o‘zbekistonlik ayolning boshsiz jasadi topilgani haqida xabar berilgandi. Marhuma Durdona Hakimovaning jasadi va uning ikki nafar farzandi O‘zbekistonning Istanbul shahridagi bosh konsulxonasi ko‘magida mamlakatga qaytarildi. Bu haqda konsulxona xabar berdi. 

Ma’lum qilinishicha, marhuma va farzandlarining O‘zbekistonga qaytish bilan bog‘liq xarajatlari Bosh konsulxona hamda Migratsiya agentligi hisobidan qoplab berilgan. 

“Afsuski, mazkur hodisa yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda marhumaning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi, salbiy hamda biryoqlama fikrlar tarqalmoqda”, deyiladi xabarda. 

Bosh konsulxonaga ko‘ra, Durdona Hakimova Istanbul shahrining Fotih tumanida joylashgan “Eskeri melzeme” nomli harbiy kiyim-kechak savdo do‘konining muassisi bo‘lgan. U faol tadbirkor sifatida ko‘plab o‘zbekistonliklarga yordam ko‘rsatib kelgan. Uning farzandlari esa dizaynerlikka ixtisoslashgan litseyda tahsil olgan.

“Vaziyatni to‘liq o‘rganmasdan turib, hamyurtimiz haqida biryoqlama, noxolis va shaxsni kamsituvchi ma’lumotlarni tarqatish, tahqirlovchi izoh yozish qonunchilikda belgilangan javobgarlikka olib kelishini, bundan tashqari, millatimizga nisbatan xalqaro maydonda salbiy fikrlar shakllanishiga sabab bo‘lishini eslatib o‘tamiz”, deyiladi xabarda. 

Qayd etish joiz, mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining 2 nafar fuqarosi qo‘lga olingan. Ular Turkiyadan Gruziyaga aviareys orqali qochishga uringan vaqtida ushlangan.

Bosh konsulxona diplomatlari tomonidan marhumaning oila a’zolari bilan aloqa o‘rnatilgan hamda ularga tegishli konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya O'zbekiston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing