Turkiyada yana o‘zbek ayoli o‘ldirildi

Tahlil

Turkiyaning chekka dalasidan yana bir o‘zbekistonlik ayolning jonsiz jasadi topildi. Xabaringiz bor, bu musofir ayollarning birinchi o‘lim holati emas, birgina yanvar oyida 2 nafar o‘zbekistonlik ayol vahshiylarcha o‘ldirilgandi. Bu safargi marhuma ham aynan yanvar oyida o‘ldirib, jasadi kimsasiz dashtga tashlab ketilgani aytilmoqda. 

Joriy yilning 2 mart kuni Turkiyaning Balikesir shahriga ishlash maqsadida borgan Dilafruz Cho‘liyeva izsiz g‘oyib bo‘lgani haqida xabar tarqaldi. 46 yoshli marhuma ikki farzandning onasi bo‘lgan. U ishlash maqsadida Turkiyaga borib, Balikesir shahrining Burhoniya tumanida keksa va bemor kishini parvarish qilgan. 

Ayol joriy yilning 21 yanvar kuni bozorga chiqish uchun ruxsat olgan va to‘satdan g‘oyib bo‘lgan. Cho‘liyevadan xabar ololmagan yaqinlari bedarak yo‘qolganligi haqida ariza bergan va voqea yuzasidan O‘zbekiston elchixonasi hamda konsulligi xabardor qilingan. 23 yanvar kuni turkiyalik ish beruvchilari ham Dilafruz Cho‘liyevani qidirib, politsiyaga xabar bergan.

Politsiya guruhlarining tekshiruvlari natijasida 21 yanvar kuni ko‘chaga chiqqan ayolning telefoni o‘chgani, oxirgi marta yana bir O‘zbekiston fuqarosi – Ilyos ismli shaxsning yoniga borgani va shundan so‘ng undan boshqa xabar olinmagani aniqlangan. Ayolning o‘g‘li onasi qo‘ng‘iroqlariga javob bermaganidan xavotirlanib tegishli idoralarga murojaat qilgan.

 “Onam 8 oy oldin ishlash uchun Turkiyaga kelgan edi. Hozir u bilan bog‘lana olmayapman. 21 yanvar kuni soat 20:00 atrofida Edremitdan Burhoniyaga qaytgan. Telefoni o‘chiq, hech qanday iz yo‘q. Qidiruvga berdik, elchixonani xabardor qildik”, deydi bir oydan beri onasidan xabar ololmayotgan o‘g‘il.
U Istanbulning Umroniya tumanida o‘ldirilib, jasadi bo‘laklab tashlangan o‘zbekistonlik ayollar haqidagi xabarlarni o‘qigach, onasining boshiga ham shunday voqea tushishidan qo‘rqayotganini aytgan.

“Xabarlarda, gazetalarda ko‘ryapmiz. Istanbuldagi oxirgi voqealardan keyin juda qo‘rqib ketdik. Onam qandli diabet bilan og‘riydi, dorilarini vaqtida ichmasa, sog‘lig‘i yomonlashadi. Hayotidan shubha qilyapman. Iltimos, uni toping”, deydi u.

Shundan so‘ng, 2 mart kuni Havran tuman Jandarma qo‘mondonligiga Balikesir shahrining Havran tumaniga qarashli Chamdibi mahallasida bo‘sh yer maydonidan ayol kishining jasadi topilgani haqida ma’lumot kelib tushgan. 

Hodisa joyida olib borilgan tekshiruvlar natijasida jasad 21 yanvardan buyon Burhoniya tuman Qo‘riqlash boshqarmasi tomonidan “bedarak yo‘qolgan shaxs” sifatida qidiruvda bo‘lgan 46 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Dilafro‘z Cho‘liyevaga tegishli ekani ma’lum bo‘lgan. Marhumaning jasadi sud-tibbiy ekspertiza o‘tkazish uchun Bursa Sud-tibbiyot muassasasiga yuborilgan.

Mazkur holat yuzasidan Cho‘liyevaning sevgilisi ekani aytilgan 44 yoshli Ilyos ismli shaxs shuningdek, uning 3 nafar tanishlari qo‘lga olingan. Huquq-tartibot idoralaridagi so‘roq jarayonlaridan so‘ng sudga chaqirilgan Ilyos hibsga olingan. Ilyos o‘z ko‘rsatmasida Dilafruz Cho‘liyeva uning yoniga kelganini, so‘ngra Istanbulga ketganini aytgan. Biroq qolgan uch nafar gumondor sud jarayoni davomida qamoqqa olinmasdan, shartli ravishda qo‘yib yuborilgan.

Hozirda tergov jarayonlari davom etmoqda. 

2026 yilning 24 yanvar kuni O‘zbekistonlik 37 yashar ayol Durdona Hakimovaning jonsiz jasadi Istanbul shahrining Shishli tumani Kuyulubog‘ ko‘chasida chiqindi idishidan topilgan edi. Ushbu voqea juda katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Uning qotili o‘zbekistonliklar bo‘lib chiqdi. Bu voqeadan ko‘p o‘tmay aynan Durdona Hakimova o‘dirilgan uyda Durdona Hakimovaning o‘limidan bir kun avval uning dugonasi Istanbulga borganiga bor yog‘i bir oy bo‘lgan Sayyora Ergashaliyeva o‘ldirilgani va uning ham jasadi bo‘laklarga bo‘linib chiqindi qutisiga tashlab yuborilgani ma’lum bo‘ldi. 

Uning jasadi topilmagan bo‘lsa-da, Turkiya hukumati tomonidan 26 fevral kuni Shishli tumanidagi Fulya mahallasida Sayyora Ergashaliyevaning yaqin qarindoshlari ishtirokida marhuma uchun janoza namozi o‘qilgandi. Ayolning otasi Bahrom Bo‘stonov jinoyatni ochishda Turkiya tomoniga ishonch bildirgandi. Hozirga qadar mazkur holat yuzasidan qidiruv va tergov harakatlari davom etmoqda. 

Voqea tafsilotlari bilan batafsil tanishish uchun QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasi orqali ushbu videoni tomosha qiling.

 
 


Maqola muallifi

Teglar

Istanbul Turkiya jasad o'zbekistonlik ayol Politsiya Durdona Hakimova Shishli Sayyora Ergashalieva Dilafro'z Cho'lieva bedarak yo'qolgan shaxs Ilyos Fulya Bahrom Bo'stonov

Baholaganlar

0

Reyting

5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing