Turkiyadagi maktabda yana otishma bo‘ldi. Qurbonlar bor (video)

Olam

image

Bugun, 15 aprel kuni Turkiyaning Qahramonmarash viloyatidagi o‘rta maktabda sodir bo‘lgan otishma oqibatida 4 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “Hürriyet” xabar berdi.

Qayd etilishicha voqea Ayser Chalik o‘rta maktabida yuzaga kelgan. Olingan dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, o‘q uzgan shaxs 8-sinf o‘quvchisi bo‘lgan va yonida beshta to‘pponcha borligi aniqlangan. U avval maktab hovlisida havoga o‘q uzgan, so‘ngra maktab ichiga kirib, o‘q uzishda davom etgan. Hujumdan so‘ng o‘z joniga qasd qilgan. U qurolni sobiq politsiyachi bo‘lgan otasidan olgan bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.

Viloyat hokimi Mukkarram Unluyer qurolli hujum uyushtirilgan maktabga darhol yetib borgan va bayonot bergan. Uning aytishicha, hodisada 3 nafar o‘quvchi va 1 nafar o‘qituvchi – jami 4 kishi qurbon bo‘lgan. Qolaversa, 20 kishi yaralangan.

“Maktablarimizning birida qayg‘uli voqea sodir bo‘ldi. Yaralanganlar borligi haqida ma’lumot oldik. Afsuski, qurbonlar ham bor. Masalani chuqur o‘rganyapmiz”, degan Unluyer. 

Hodisadan so‘ng Milliy ta’lim vaziri Yusuf Tekin, Ichki ishlar vaziri Mustafo Chiftchi va Sog‘liqni saqlash vaziri Kamol Memish o‘g‘li ham Qahramonmarashga yo‘l olgan. 

Adliya vaziri Akin Gurlek hujum yuzasidan Qahramonmarash Respublika Bosh prokuraturasi tomonidan zudlik bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilganini ma’lum qilgan. Uning aytishicha, 3 nafar bosh prokuror o‘rinbosari va 4 nafar prokuror ishga jalb etilgan. 

“Bosh prokurorimiz va tayinlangan prokurorlar hodisa joyida tekshiruv ishlarini olib bormoqda. Tergov manfaatlari uchun axborot tarqatishga cheklov joriy etildi. Ommaviy axborot vositalari tergov sirini saqlashga ehtiyotkorlik bilan yondashishi muhim. Tergovning barcha bosqichlari bo‘yicha ma’lumotlar vakolatli organlar tomonidan taqdim etiladi”, degan Gurlek.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 14 aprel kuni Turkiyaning Shonliurfa viloyati Siverek tumanida joylashgan litseyda qurolli hujum sodir bo‘lgandi. Hodisada 18 kishi yaralangandi va hujumchi o‘z joniga qasd qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya otishma maktabda

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing