Turkiyada nimalar bo‘lyapti? Endi universitetda qurolli janjal yuz berdi (video)
Olam
−
14:27 4843 2 daqiqa
Kecha, 15 aprel kuni Turkiyaning Izmir shahridagi Ege universitetida talaba kampusdagi boshqa talabalarga uzun tig‘li xanjar bilan hujum qildi. Bu haqda “Cumhuriyet” xabar berdi.
Qayd etilishicha, janjal ikki guruh talabalari orasida yuz bergan. Voqea “Ege universiteti” metro bekatining kirish qismida sodir bo‘lgan. Talabalar kasaba uyushmasiga aloqador bir guruh yoshlar varaqa tarqatayotgan paytda ularga qarshi boshqa bir guruh bilan tortishuv kelib chiqqan.
Hodisa oqibatida B.Y. va Y.A. ismli talabalar jarohat olgan. Voqeadan so‘ng ular shifoxonaga yetkazilgan. Hozirda ularning ahvoli yaxshi ekani aytilmoqda. Hodisa haqida xabar berilgach, universitetga politsiya kuchlari yetib borgan. Holat yuzasidan rasmiy tergov ishlari boshlangan.
Eslatib o‘tamiz, so‘nggi kunlarda Turkiyadagi ta’lim muassasalarda tez-tez qurolli hodisalar yuz bermoqda. Xususan, joriy yilning 2 mart kuni butun Turkiyani larzaga solgan voqea sodir bo‘ldi. Istanbul shahridagi Bo‘rsa kasb-hunar va texnika Anadolu litseyida o‘qituvchi Fotima Nur Chelik o‘z o‘quvchisi tomonidan pichoqlanib, o‘ldirilgandi.
Shuningdek, joriy yilning 14 aprel kuni Shonliurfa viloyati Siverek tumanida joylashgan litseyda qurolli hujum sodir bo‘ldi. Oqibatda 16 kishi jarohatlanib, hujum sodir etgan o‘quvchi o‘z joniga qasd qildi.
Shuningdek, kecha, 15 aprel kuni Qahramonmarash viloyatidagi o‘rta maktabda sodir bo‘lgan otishma oqibatida 9 kishi halok bo‘ldi. Hozircha bu voqealarning bir-biriga aloqasi borligi haqida ma’lumotlar mavjud emas.
Live
Barchasi