Turkmanistonda o‘quvchi qizlar bokiralik testidan o‘tmoqda
Olam
−
16 fevral
15906Turkmaniston politsiyasi va xavfsizlik xizmati maktablarda reyd o‘tkazib, o‘quvchi qizlarning bokiraligini tasdiqlash uchun ginekologik tekshiruvdan o‘tishga majburlamoqda. Bu haqda "Kosa.media" nashri ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, xavfsizlik kuchlari mamlakat g‘arbidagi Bolqon viloyatidagi maktablarda reyd o‘tkazgan. Tekshiruv talaba qizlarning “axloqiy pokligi"ni baholash va o‘smirlar qiz orasida erta homiladorlikning oldini olish chora-tadbirlari sifatida izohlangan.
Nashrning yozishicha, tekshiruv o‘tkazish jarayonida na o‘quvchi qizlarning ota-onasidan, na qizlarning o‘zidan rozilik so‘ralgan.
Vaziyatdan xabardor ta’lim xodimi esa Bolqonobod va Turkmanboshidagi reydlar haqida gapirib, bokiralik testidan barcha o‘smir qizlarning o‘tishga majburligiga to‘xtalgan.
“9-11-sinf o‘quvchilari ginekologik tekshiruvdan o‘tishga majbur. Jinsiy aloqada bo‘lgan qizlarning shaxsi aniqlanib, ularning ro‘yxati mahalliy politsiya va Milliy xavfsizlikka topshiriladi”, degan nomi sir tutilishini istagan pedagog.
Yana bir manbaning qayd etishicha, politsiya bunday o‘quvchi qizlarning jinsiy sheriklarini aniqlash uchun ularning mobil telefonlarini ham tekshirmoqda.
“Huquq-tartibot idoralari xodimlari buni voyaga yetmaganlar bilan intim munosabatda bo‘lgan shaxslarni aniqlash va javobgarlikka tortish maqsadida qilinayotganini tushuntirmoqda”, deyiladi xabarda.
Rasmiylar esa vaziyatga ochiq izoh bermagan, biroq ta’lim xodimlariga ko‘ra, tekshiruvlar viloyatda o‘smirlar homiladorligining ko‘payishi bilan bog‘liq. Birgina Bolqonobodning o‘zida so‘nggi oylarda oltita shunday holat qayd etilgan.
“Bu ma’lumot Xalq ta’limi vazirligiga yetib keldi va natijada Bolqon viloyati ta’lim boshqarmasi boshlig‘iga qattiq tanbeh berildi. Shundan so‘ng, darhol mintaqaviy hokimiyatlar yirik shaharlarda “axloqiy poklik” amaliyotini o‘tkazishni boshladi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, Turkmanistonda bunday reydlar birinchi emasligi ta’kidlangan. 2018 yilda xavfsizlik kuchlari ginekologlar hamrohligida Dashog‘uz viloyati shimolidagi maktablarni tekshirib, buni o‘smirlar o‘rtasida fohishalikka qarshi kurash deb tushuntirgan. 2019 yilda esa janubi-sharqiy Mari viloyatida bokiraligini yo‘qotgan 8–11-sinf o‘quvchilari aniqlangan. Bunday qizlarning ota-onalari keyinchalik maktabga chaqirilib, omma oldida sharmanda qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkmanistondagi fohishalik va erta turmushga oid statistika oshkor qilingan edi.
LiveBarchasi