Meloni AQSHning Erondagi maktabga qilgan hujumini qoraladi
Olam
−
11 mart 3152 2 daqiqa
Italiya Bosh vaziri Jorja Meloni AQSH va Isroilning Eronga qarshi operatsiyasining birinchi kunida mamlakat janubidagi boshlang‘ich maktabga bergan raketa zarbasini qoraladi. Bu haqda u bugun, 11 mart kuni Senatdagi chiqishi paytida so‘z ochdi.
“Men Eron janubidagi Minob maktabida qizlarning ommaviy o‘ldirilishini keskin qoralayman”, deydi Meloni.
Shuningdek, u bu fojia uchun javobgarlarni “imkon qadar tezroq aniqlash” zarurligini qo‘shimcha qilgan.
Gap Hormuzgan provinsiyasining Minob shahridagi qizlar boshlang‘ich maktabi haqida bormoqda. Ushbu maktab 28 fevral kuni AQSH va Isroil harbiy operatsiyasi davomida zarbaga uchragan ob’ektlardan biri bo‘ldi. Mamlakat Ta’lim vazirligi joriy yil 2 mart kuni 175 nafar o‘qituvchi va o‘quvchi halok bo‘lganini ma’lum qildi.
Pentagon rahbari Pit Hegset zarba yuzasidan tergov boshlanganini e’lon qilib, Amerika harbiylari fuqarolik ob’ektlariga hujum qilmasligini aytdi.
Shu bilan birga, “The New York Times” nashrining yozishicha, maktabga berilgan zarba joyidan topilgan bo‘laklarda Amerikaning Tomahawk qanotli raketasining identifikatsiya belgilari ko‘ringan. Gazeta avvalroq Eron teleradiokompaniyasi tomonidan “Minobdagi maktabda bolalar ustiga tushgan Amerika raketasining qoldiqlari” deb e’lon qilingan suratlarni o‘rgandi. Garchi “bu parchalar aynan qayerda va qanday topilgani hamda aynan maktabga qilingan hujumga tegishli ekanligi aniq bo‘lmasa-da”, bo‘laklardagi seriya raqamlari va boshqa ma’lumotlar Pentagon va uning yetkazib beruvchilari o‘q-dorilarining klassifikatsiyasi hamda markirovkasiga mos keladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH armiyasi boshlagan dastlabki tekshiruv natijalari, shuningdek ekspertlar va jurnalistlar xulosalari Minobdagi maktabga zarbani aynan AQSH bergan bo‘lishi mumkinligini tasdiqlagan edi.