Turkmanistondagi suvomborlar butunlay qurib qoldi

Olam

image

Turkmanistonning Bolqon viloyatida joylashgan Mammetko‘l va Delili suvomborlari butunlay qurib qoldi. Bu haqda “Meteojurnal” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, qurishning asosiy sababi 2024-2025 yilgi sovuq davrda yog‘ingarchilikning kamligi va Etrek (Atrek) daryosidan suvning to‘liq to‘planmasligi ortidan yuzaga kelgan hamda uzoq davom etgan qurg‘oqchilik hisoblanadi.

2024 yilning noyabr oyida Mammetko‘l suvomborining umumiy suv yuzasi maydoni 3,26 km² ni, Deliliniki esa 0,2 km² ni tashkil etgan. 2025 yilning mart oyiga kelib Mammetko‘l maydoni 2,5 km² gacha, Delili esa deyarli 0,08 km² gacha qurib qolgan.

May oyida Mammetko‘l maydoni 0,65 km² gacha qisqargan va Delili butunlay qurib qolgan. 2025 yil iyun oyining boshlariga kelib Mammetko‘l suv ombori ham butunlay qurib qolgan. Mammetko‘l oxirgi marta 2021 yil oktyabr oyida butunlay qurib qolgan va 2023 yil avgustigacha quruq qolgan, o‘shanda u katta suv toshqini bilan to‘ldirilgan.

Ma’lumot uchun, Mammetko‘l suvombori 1964 yilda ishga tushirilgan. Uning to‘liq sig‘imi 20,5 million kubometrni, foydalanishga yaroqli sig‘imi esa 17,9 million kubometrni tashkil qiladi. Delili suvombori 1970 yilda ishga tushirilgan. Uning to‘liq va foydalanishga yaroqli sig‘imi 5,32 million kubometrni tashkil qiladi.

Etrek ob-havo stansiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil yanvaridan noyabrgacha faqat fevral va mart oylarida me’yorga yaqin yog‘ingarchilik yog‘gan, qolgan oylarda esa me’yordan ancha past bo‘lgan. Yanvar oyida atigi 1,6 mm, may oyida esa 1,4 mm yog‘gan. Iyundan avgustgacha yomg‘ir yog‘magan va kuz ham quruq bo‘lgan.

2025 yilning birinchi yarmida yog‘ingarchilik yo‘qligi sababli Amudaryo havzasi tashqarisidagi suvomborlari va daryolarda gidrologik qurg‘oqchilik kuchaygan. Bu Murg‘ob va Tejen suvomborlarida suv sathining keskin pasayishiga olib kelgan. Kam oqimli Atrek daryosi bilan oziqlanadigan sun’iy suvomborlari butunlay qurib qolgan. Kuzda Amudaryo havzasi suvomborlarida suvni boshqarish bilan bog‘liq vaziyat ham yomonlashgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘izistonda joylashgan “To‘qtag‘ul” GESda suv kamayib qolgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkmaniston Delili Mammetko'l

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing