U kim? Hind, musulmon, afrikalik va reper Zohran Mamdani
Bu qiziq
−
11 noyabr 7888 9 daqiqa
4 noyabr kuni nafaqat Amerika, balki butun dunyoga mashhur shahar Nyu-York merligiga saylov bo‘lib o‘tdi. Unda qaysidir ma’noda kutilgan, qaysidir ma’noda esa kutilmagan holda Sharqiy Afrikada tug‘ilgan hind millatiga mansub 34 yoshli musulmon Zohran Mamdani g‘alaba qozondi. O‘z saylov kampaniyasi davomida Mamdani Ukraina va Rossiya mojarosi mavzusidan qochishga harakat qildi, biroq Falastin mavzusiga katta va hatto ba’zida haddan tashqari e’tibor qaratdi. Buning uchun esa ko‘p bora tanqidchilar nishoniga aylandi. Ta’kidlash kerakki, 2022 yilda u Rossiya bosqinini qoralab chiqishlar qilgan, ammo juda ehtiyotkorlik bilan: Mamdani asosan, keskinlikni pasaytirish va gumanitar masalalarga hurmat bilan yondashishga chaqirgan. Shuningdek, u Trampning NATOni zaiflashtirish siyosatini qoralab kelgan.
Bundan tashqari, Mamdani jurnalistlarga bergan intervyularidan birida agar u merlikka saylansa, Putin Nyu-Yorkka kelgan taqdirda uni Xalqaro Jinoiy Sud (XJS) orderi asosida qo‘lga olishini aytgan. To‘g‘rirog‘i, bu gap boshqa bir siyosatchi – XJS tomonidan qo‘lga olish buyrug‘i chiqarilgan Isroil Bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olish haqidagi kontekstda tilga olingan. Hozirda xorijiy nashrlar yosh siyosatchi Zohran Mamdani biografiyasi haqida so‘zlar ekan, Tramp unga butunlay qarshi ekani va hatto o‘z dushmanidek ko‘rayotgani haqida yozmoqda.
Kelib chiqishi, ota-onasi va bolaligi

Zohran Mamdani hozirda AQSH fuqarosi hisoblansa-da, ammo u bu mamlakatdan tashqarida, uzoq Afrika davlati Ugandada tug‘ilgan. Otasi Mahmud Mamdani – tarixchi, postkolonial tadqiqotlar professori, so‘l qarashlarga ega olim. Onasi Mira Nair – mashhur kinorejissyor. Qisqa qilib aytganda, Nyu-Yorkning navbatdagi meri – migrantlar oilasi farzandi.

Kelib chiqishiga ko‘ra, Mamdanilar – hindistonlik. Oilaning AQSHga kelishiga sabab Mahmud Mamdanining ilmiy faoliyati hisoblanadi, ya’ni u Kolumbiya universitetida dars berishga taklif etilgan, Amerika esa Mira Nairning ijodiga yangi turtki bo‘lib, zamin yaratgan. U 1990 yillarda mashhur “Kama Sutra: muhabbat tarixi” filmini suratga olgan, biroq asosan arthaus loyihalari va noprofessional aktyorlarni jalb etishi bilan tanilgan. 7 yoshidan buyon Nyu-Yorkning Yuqori Manhetten tumanida yashagan Zohran mahalliy maktabda o‘qigan. Bo‘lajak siyosatchining otasi musulmon, onasi esa hindu hisoblanadi. Zohrandagi islomga bo‘lgan qiziqish otasidan o‘tgan va hozir merning shaxsiyatidagi eng ko‘p muhokama qilinayotgan jihat ham aynan uning dini bo‘lmoqda.
Mamdanining siyosiy qarashlari
Muvaffaqiyatli ota-ona farzandi o‘laroq Zohran hech qachon moddiy narsalarga muhtojlik sezmagan bo‘lsa-da, ammo jamiyatdagi notenglikni his qilardi. Qizig‘i shundaki, Zohran hayotining asosiy qismini AQSHda o‘tkazgan bo‘lsa-da, 2018 yilga kelibgina byurokratik “do‘zax aylanmasi”dan o‘tgach, mamlakat fuqaroligini olgan. Bu esa uning ich-ichidan Amerika siyosatining bir qismi bo‘lish orqali tizimni o‘zgartirish zarurligini anglashiga sabab bo‘ldi. Zohran maktab davridayoq saylovlarda faol ishtirok etgan, ammo tenglik g‘oyalari, islomga hurmat (ayniqsa 2001 yil 11 sentyabrdan so‘ng) va antiharbiy chaqiriqlari ko‘p hollarda qo‘llab-quvvatlanmagan. Shunga qaramay, Mamdani o‘z pozitsiyasida qat’iy davom etgan.
Zohran Mamdani Men shtatining Bransuik shahridagi nufuzli “Bowdoin College”ning jamiyatshunoslik yo‘nalishida o‘qib, Afrika tadqiqotlari bo‘yicha bakalavr darajasini olgan. U aynan o‘sha yerda Falastin xalqini qo‘llab-quvvatlovchi talabalar guruhini tashkil etgan. Keyinchalik “Falastin masalasi” uning brendi va ideologik asosi bo‘lib qoldi.
Bir paytlar Mamdani Suriyaning sobiq prezidenti Bashar Asadni qo‘llab-quvvatlovchi postlarni ulashib, fuqarolarga qarshi kimyoviy hujumlar sodir etilganini rad etgan edi. Ammo bu fakt g‘ayritabiiy tarzda unutilib ketdi va 2025 yilgi saylov kampaniyasiga ta’sir ko‘rsatmadi.
Ilmiy darajaga ega bo‘lgach, Mamdani Nyu-Yorkning nisbatan kambag‘al tumanlarida mol-mulkni musodara qilishning oldini olish va uy-joy qurilishi masalalari bo‘yicha maslahatchi sifatida ishlagan, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlar va migrantlarga yordam bergan. Bu ish unga byurokratiyaga qarshi kurash tajribasini berib, muammolarni yaqindan ko‘rish imkonini yaratdi va siyosiy faoliyatining boshlang‘ich nuqtasiga aylandi.
Saylovlarga yo‘l

Avvaliga Mamdani mahalliy siyosatchilar kampaniyalarida ko‘ngilli sifatida ishladi, bu esa unga tajriba va kerakli aloqalarni orttirish imkonini berdi. 2017 yilda Zohran AQSH Demokratik partiyasining o‘ta so‘l qanotini tashkil etuvchi demokrat-sotsialistlar harakatiga qo‘shildi. Bu qanot an’anaviy demokratlardan sezilarli darajada farq qiladi: kommunistik yoki keskin “so‘lchi” qarashlarga yaqin mafkuraga ega. Zohran Mamdani bu progressiv doirada o‘zini yo‘qotmadi, aksincha tezda yetakchi rolga chiqdi. Bunda shubhasiz, uning xarizmasi, notiqlik mahorati va oilaviy iste’dodi – otasining intellektual saboqlari hamda onasining ijodkorlik va noodatiy yondashuvi yordam berdi. 2019 yilda (Amerika fuqaroligini olganidan bir yil o‘tib) esa o‘zi saylovda qatnashishga qaror qildi.
Ilk urinish muvaffaqiyatli bo‘ldi: Mamdani Nyu-York shtati Assambleyasiga saylovda g‘alaba qozondi va shahar tarkibidagi 36 okrugda vakillik qila boshladi. Bu lavozim sobiq migrant Zohranga Nyu-York va butun Amerika muammolarini baland minbardan so‘zlash imkonini berdi. Uning ko‘plab chiqishlari ochiqchasiga populistik tusda bo‘lsa-da, Mamdanining so‘zlari ko‘pchilikka yoqdi.
Raqiblar qanday dog‘da qoldi?

Chiroyli nutqlar Mamdanini yulduzga aylantirdi va demokratik Amerikada obro‘yi oshib bordi, bu esa unda Nyu-York meri bo‘lish uchun kurash va g‘alaba qozonishga umid uyg‘otdi. Qizig‘i shundaki, siyosatchini faqat uning asosiy elektorati bo‘lgan musulmonlar emas, balki boshqa ko‘plab ijtimoiy qatlamlar ham qo‘llab-quvvatladi. Shuning uchun bir jinslilar nikohi tarafdorlari ham o‘zlarining bayroqlarini olib yurishlar o‘tkazdi, g‘alabani nishonladi. Bu esa musulmon Mamdani atrofida turli sarlavhalar tarqalishiga sabab bo‘ldi. Mamdani haqiqatdan ham shaharning turli qatlamlarini o‘ziga og‘dira oldi, nyu-yorkliklar uning “Falastin masalasi”dagi qarashlari va HAMASga nisbatan simpatiyasidan cho‘chimadi.

So‘nggi vaqtlarda shaharda sodir bo‘layotgan vaziyat ham Mamdani g‘alabasi uchun haqiqatan “ideal bo‘ron” rolini o‘ynadi. Nyu-Yorkning an’anaviy siyosiy tizimi o‘zini butkul obro‘sizlantirib bo‘lgandi. Amaldagi mer, demokrat va sobiq politsiya kapitani Erik Adams korrupsiya bo‘yicha bir necha tergovlar ostida qolgandi. Xorijiy OAVda tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, Donald Tramp Adamsni saylov poygasidan chiqish sharti bilan qamoqdan qutqarib qolgan va hatto AQSHning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff unga buning evaziga Saudiya Arabistonida elchilik lavozimini va’da qilgan.

Yana bir “og‘ir vaznli” raqib – Nyu-York gubernatori Endryu Kuomo edi, ammo u demokratlar praymerizi (partiyaning ichida o‘tkaziladigan dastlabki saylov)da Mamdaniga yutqazdi. Biroq Kuomo taslim bo‘lmadi va saylovda mustaqil nomzod sifatida qatnashishga qaror qildi. Bu esa unga ijobiy natija bermadi, aksincha, Mamdani saylovchilarini yanada safarbar qildi. Mahalliy boylar tomonidan uning kampaniyasiga sochilgan o‘nlab million dollarlar ham, prezident Tramp, milliarder Ilon Mask va Oq Uyning “soya kardinali” Stiven Miller tomonidan Kuomoni ochiqcha targ‘ib qilish ham yordam bermadi.
Eslatib o‘tish kerakki, Nyu-York an’anaviy tarzda Demokratik partiyaning tayanch hududi hisoblanadi, respublikachilar esa bu yerda deyarli imkoniyatga ega emas. Shuning uchun ular odatda jiddiy bo‘lmagan nomzodlarni qo‘yadi. Bu safar respublikachilar vakili 17 ta mushuk egasi va kulgili qizil shapka kiygan italyan-polyak Kyortis Sliva edi.
Zohranning o‘zi esa zamonaviy kampaniya o‘tkazdi: ijtimoiy tarmoqlarning barcha imkoniyatlaridan foydalandi. U va uning tarafdorlari TikTok va boshqa mashhur platformalarda faollik ko‘rsatdi. Bu yoshlarning saylovlarga qiziqishini oshirdi, shu yo‘l bilan Mamdani ishonchli saylovchilarga ega bo‘ldi.

Mamdani shaharliklarga quyidagilarni va’da qilmoqda:
- yangi ijtimoiy uy-joylar qurish;
- ijaraga beriladigan uylar narxini tartibga solish;
- avtobuslarda bepul harakat;
- bepul ta’lim;
- boylar va korporatsiyalar uchun soliqlarni oshirish;
- minimal ish haqini 2030 yilga borib soatiga 30 dollargacha ko‘tarish;
- arzon narxlardagi kommunal oziq-ovqat do‘konlari tarmog‘ini yaratish.
Albatta, bu ochiqchasiga populizm, hatto ishonib bo‘lmaydigan va’dalardek. Ammo katta va’dalar berish usulini Mamdani birinchi bo‘lib boshlab bermagan. U shunchaki o‘tgan yili Tramp va radikal o‘ngchilarni g‘alabaga olib kelgan usullarni o‘ziga mosladi va kampaniyasida qo‘lladi.
Mamdani bir qancha rekordlarni ham yangiladi. Masalan, saylovlardagi qatnashuv darajasi 1969 yildan beri eng yuqori bo‘ldi, ayniqsa yoshlar va migrantlar orasida. U bir milliondan ortiq ovoz to‘pladi va Kuomoni 9 foiz farq bilan ortda qoldirdi. Shuningdek, Mamdani Nyu-York tarixida islom diniga e’tiqod qiluvchi birinchi mer bo‘ladi. Bundan tashqari, u 1892 yildan buyon Nyu-York shahrining eng yosh meri bo‘lib tarixga kiradi.
Mamdani va uning rafiqasi haqida nimalar ma’lum?

Mamdanining shaxsiy hayoti ham siyosiy faoliyati kabi rang-barang. U shia musulmoni, biroq hamma narsada o‘zini progressiv inson deb ko‘rsatishga harakat qiladi. U xip-xopni yaxshi ko‘radi va 2016 yilda ugandalik musiqachi HAB bilan duet tarzida rep albom yozgan. Siyosatchining sahnadagi taxallusi Young Cardamom bo‘lgan, keyinchalik u Mr. Cardamom nomiga o‘zgargan. Ingliz va luganda tilida kuylagan Zohran tug‘ilgan yurti Ugandada konsertlar ham bergan. Ma’lum muddat Mamdani onasi suratga olgan filmlar uchun musiqa prodyuseri sifatida ham ishlagan va hatto nufuzli mukofotga nomzod sifatida ko‘rsatilgan.
Siyosatchining rafiqasi Rama Duvaji ham eridan kam bo‘lmagan darajada ekssentrik, ya’ni noodatiy va g‘ayrioddiy shaxs. U – rassom-animator, mashhur jurnallarning moda ustunlari muallifi va jamiyatning faol vakili. Zohran va Rama Hinge tanishuv ilovasi orqali tanishishgan. Ularning unashtiruv marosimi 2024 yilning oktyabrida, rasmiy nikohi esa 2025 yiling fevralida bo‘lib o‘tgan.
Mamdani demokratlarga yangi umidmi?

Tramp Mamdani kampaniyasini o‘ziga qarshi chaqiriq sifatida qabul qildi, bunda asos ham bor. U o‘z nutqlarida Mamdanini “radikal so‘lchi” deb atadi, go‘yo shu so‘z bilan uni haqorat qilmoqchi bo‘lgandek. Shuningdek, Tramp noyabr oyi boshida agar Mamdani Nyu-York meri etib saylansa, shahar uchun federal moliyalashtirishni to‘xtatishga va’da ham bergani aytildi. Tramp tarafdorlari hattoki, Zohranni Ugandaga deportatsiya qilishga chaqirdi. Shunday qilib, endi Tramp o‘z tahdidlarini qanday amalga oshirish haqida o‘ylashiga to‘g‘ri keladi, chunki Mamdani nafaqat g‘alaba qozondi, balki Prezidentning siyosiy yo‘nalishiga ochiqchasiga qarshi chiqdi.
Mamdani g‘alabasi Demokratik partiya uchun ham katta imkoniyat: bu ularni siyosiy inqirozdan chiqarish va Trampga haqiqiy muxolifat shakllantirish yo‘lida muhim qadam bo‘lishi mumkin. Bu ayniqsa 2026 yilda bo‘lib o‘tadigan Kongressning oraliq saylovlari arafasida juda muhim. Biroq, bu bilan bog‘liq xavf ham yo‘q emas: partiyaning “yangilangan yuzi” an’anaviy siyosiy markazdan ancha so‘lga siljishi ehtimoli katta. Ammo bu – Amerika jamiyatidagi chuqur siyosiy polyarizatsiya (qarashlar bo‘yicha keskin ajralib, o‘zaro kelishmovchilikka kirishish) ning mantiqiy oqibati.
Live
Barchasi