“U yerga butun armiya yo‘l olgan”. Tramp Eron va AQSH muzokaralari haqida gapirdi
Olam
−
09:58 5599 3 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp agar Vashington va Tehron o‘rtasidagi yadro dasturi bo‘yicha muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlansa, Yaqin Sharqqa jangovar harakatlarga tayyor harbiy kemalar yuborilishi mumkinligini istisno etmadi. Bu haqda u “Axios” nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi. https://www.axios.com/2026/02/10/trump-iran-talks-aircraft-carriers
“U yerga butun bir armiya yo‘l olmoqda va ehtimol yana yuboriladi”, degan Tramp.
U, shuningdek, AQSH Harbiy-dengiz kuchlarining ikkinchi aviatsiya zarba guruhini Eron tomonga yo‘naltirish masalasini ko‘rib chiqayotganini aytgan.
“Axios” bilan suhbatda Amerika Prezidenti Qo‘shma Shtatlar yaqin vaqt ichida Eron bilan kelishuvga erishishga intilayotganini ta’kidlagan. Aks holda, Oq uy juda qattiq choralar ko‘rishga majbur bo‘lishi haqida ogohlantirgan. Shu bilan birga, Trampning so‘zlariga ko‘ra, Tehron 2025 yil yozida AQSH, Isroil va Eron o‘rtasida yuz bergan 12 kunlik harbiy keskinlashuv arafasiga qaraganda ancha moslashuvchanlik namoyish etmoqda.
6 fevral kuni Ummonda Eron va AQSH o‘rtasida bilvosita muzokaralar boshlangan. Prezidentning maxsus vakili Stiv Uitkoff boshchiligidagi Amerika delegatsiyasi Tehrondan bir qator yo‘nalishlar bo‘yicha, jumladan yadro dasturi, raketa arsenali va Yaqin Sharqdagi proksi kuchlarni qo‘llab-quvvatlash masalasida yon berishni talab qilgan.
Eron esa sanksiyalar bekor qilinishi evaziga yadro bitimini qayta muhokama qilishga tayyorligini bildirgan. Muzokaralarning birinchi bosqichidan so‘ng tomonlar jarayonni ijobiy baholagan, biroq kelishmovchiliklar saqlanib qolayotganini qayd etgan.
Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi mamlakat tinch maqsadlarda uran boyitishni davom ettirishini va nol darajadagi boyitish siyosatini qabul qilmasligini ma’lum qilgan.
Tramp Eron 2015 yilgi yadro kelishuvini (2019 yilda amalda to‘xtagan) qayta tuzishga rozi bo‘lmasa, harbiy choralar ko‘rish bilan bir necha bor tahdid qilgan. 2025 yil bahorida u Tehronga yangi bitim tuzish uchun ikki oy muddat bergan edi.
2025 yilning iyun oyida AQSH Isroilning Eronga qarshi boshlagan harbiy amaliyotini qo‘llab-quvvatlab, mamlakat yadro ob’ektlariga aviazarbalar bergan. Ushbu zarbalarning oqibatlari ko‘lami bo‘yicha ishonchli ma’lumotlar yo‘q, biroq Tramp Eronning yadro dasturi yo‘q qilinganini da’vo qilgan.
2026 yil boshidan buyon AQSH Yaqin Sharqdagi harbiy ishtirokini kengaytirdi. Tramp buni Eronda hukumatga qarshi namoyishlarning qattiq bostirilgani bilan izohlagan; rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu voqealarda qariyb uch ming kishi halok bo‘lgan. Mintaqaga AQSH Harbiy-dengiz kuchlari dunyodagi eng yirik jangovar kema deb ta’riflaydigan Abraham Lincoln aviatsiya kemasi ham yetib kelgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Harbiy-havo kuchlarining C-17A Globemaster III va MC-130 Super Hercules harbiy-transport samolyotlari Turkmanistonning noma’lum hududiga qo‘ngandi. AQSH kuchlarining qayerda joylashgani hozircha noma’lum, ammo ko‘pchilik bu kuchlar Ashxobod shahri yaqinida yig‘ilganini iddao qilmoqda.