Uels sohillarida g‘aroyib dengiz jonzotlari paydo bo‘ldi

Bu qiziq

image

Uels qirg‘oqlarida dengiz to‘lqinlari bilan birga noodatiy yuzlab mayda, yorqin, ko‘k rangli dengiz jonzotlari paydo bo‘ldi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Qayd etilishicha, bu organizmlar “shamol bilan suzuvchilar” deb ataladi. Ular Anglezi, Gvinadd va Tenbi hududlaridagi plyajlarda aniqlangan bo‘lib, mahalliy aholi va sayyohlar e’tiborini tortgan.

Mutaxassislarga ko‘ra, bu jonzotlar ochiq okeanda erkin suzib yuradigan gidrozoa koloniyalari hisoblanadi va ular dengiz anemonlari hamda marjonlarga yaqin qarindoshdir. Ularning o‘ziga xosligi shundaki, tanasining ustki qismida kichik yelkanga o‘xshash tuzilma bo‘ladi. Shu sababli ular suv oqimi va shamol yordamida harakatlanadi, o‘zi esa faol suzish qobiliyatiga ega emas.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bu jonzotlar odatda kuz va qish oylarida ko‘proq uchraydi. Sababi shu davrda kuchli okean oqimlari va bo‘ronlar ularni uzoq masofalardan olib keladi va oxir-oqibat plyajlarga chiqarib tashlaydi. Ularning uzunligi odatda 7 santimetr atrofida bo‘ladi. Ko‘pincha ularning minglab to‘dasi bir vaqtda qirg‘oqqa chiqib qoladi.

“Ular xuddi kristallarga o‘xshaydi, juda chiroyli va yorqin ko‘k rangda. Ayniqsa quyosh nuri tushganda ularning ko‘k ranglari yanada yorqinlashib, suv yuzasida yaltiraq ko‘rinish hosil qiladi”, deydi mahalliy aholi vakili.

“Anglesi Sea Zoo” dengiz mutaxassisi Frenki Xobro bu jonzotlar tashqi ko‘rinishi chiroyli bo‘lsa-da, ehtiyotkorlik talab qilishini aytgan. Uning aytishicha, shamol bilan suzuvchilar ko‘pincha ko‘rinishidan Portugaliya fizaliyasiga o‘xshaydi, ammo undan kichikroq va rangi yanada yorqin ko‘k. Eng muhimi, ular ham chaqadigan hujayralarga ega.

Mutaxassislarning ogohlantirishicha, shamol bilan suzuvchilarga oddiy qo‘l bilan tekkanda ko‘pincha sezilmasligi mumkin, chunki inson terisi nisbatan qalin. Biroq lab, yuz yoki boshqa sezgir joylarga tegsa, achishish, qichishish yoki yengil og‘riq paydo bo‘ladi.

Yana bir muhim jihat shuki, hatto plyajga chiqib qolgan va o‘lik ko‘rinadigan jonzotlarda ham chaqadigan hujayralar bir muddat faol bo‘lib qoladi. Shu sababli mutaxassislar odamlarni ularni qo‘lga olmaslikka va faqat uzoqdan kuzatishga chaqiradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq olimlar Galapagos orollari yaqinida suv tubida yashovchi sakkizoyoqning yangi turini kashf qilgan edi. Yorqin ko‘k rangga ega bo‘lgan ushbu noodatiy jonzotga Microeledone galapagensis deb nom berilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Uel's dengiz jonzot shamol bilan suzuvchilar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing