Ufada 15 yoshli o‘smir universitet yotoqxonasiga hujum qildi
Olam
−
07 fevral 1853 2 daqiqa
Bugun, 7 fevral kuni Rossiyaning Ufa shahrida 15 yoshli o‘smir pichoq bilan tibbiyot universiteti yotoqxonasida yashovchi talabalarga hujum qildi. Bir necha kishi jarohat oldi. Bu haqda Rossiya RBK xabar berdi.
Rossiya Tergov qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, hujumchi yotoqxona binosiga kirib, u yerda yashovchi talabalarga jarohat yetkazgan. Jabrlanganlar tibbiyot muassasalariga yetkazilgan.
TASSning mamlakat IIV rasmiy vakili Irina Volkka tayanib xabar berishicha, to‘rt kishi jabrlangan. Bashqirdiston Sog‘liqni saqlash vazirligi ularning ahvolini barqaror deb baholamoqda. Biroq “Baza” va “Mash” Telegram-kanallari jabrlanganlar soni olti nafarga yetishi mumkinligini, ular orasida yotoqxona qo‘riqchisi ham borligini ma’lum qilgan.
Shuningdek, binoda xorijlik talabalar yashashi haqida ham xabarlar tarqalgan. Mazkur ma’lumot rasman tasdiqlanmagan.
O‘smir qo‘lga olinayotganda qarshilik ko‘rsatgan. Oqibatda ikki nafar politsiya xodimi pichoqdan jarohat olgan. Hujumchi o‘ziga ham jarohat yetkazgan va shifoxonaga yotqizilgan. TASS ma’lumotiga ko‘ra, uning ahvoli og‘ir deb baholanmoqda.
Tergov qo‘mitasi ikki va undan ortiq shaxsni o‘ldirishga suiqasd hamda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimining hayotiga tajovuz qilish moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston G‘arbidagi Kulsari shahridagi maktabda 10-sinf o‘quvchisi tengdoshlariga bolta bilan hujum qilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi