Ukraina bo‘yicha muzokaralarning ilk kuni yakunlandi
Olam
−
05 fevral 4177 2 daqiqa
Kecha, 4 fevral kuni BAA poytaxti Abu-Dabi shahrida Ukraina, AQSH va Rossiya o‘rtasidagi uch tomonlama muzokaralarning birinchi kuni yakunlandi. Muzokaralar 4 soatdan ortiq davom etdi. Hozircha uchrashuv natijalari bo‘yicha rasmiy bayonot berilmadi. Bu haqda BBC xabar qildi.
Uchrashuvda delegatsiyalarga Ukraina tomonidan Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustam Umarov , AQSH tomonidan Donald Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff va Rossiya tomonidan Rossiya Qurolli Kuchlari Bosh razvedka boshqarmasi rahbari Igor Kostyukov rahbarlik qilmoqda.
Ukraina delegatsiyasi rahbari Rustam Umarovning ma’lum qilishicha, muzokaralar uch tomonlama formatda boshlangan. Keyingi bosqichda tomonlar alohida guruhlarda aniq masalalarni muhokama qiladi va so‘ng pozitsiyalarni birgalikda muvofiqlashtirish rejalashtirilgan.
Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov muzokaralar borasida hozircha hech qanday bayonot berilmasligini aytdi. “Axios” nashri jurnalisti Barak Ravid manbalarga tayanib xabar berishicha, delegatsiyalar bugun, 5 fevral kuni ertalab muzokaralarni davom ettiradi.
Bu Abu-Dabida o‘tkazilayotgan uch tomonlama muzokaralarning ikkinchisi hisoblanadi. Birinchi uchrashuv 23–24 yanvar kunlari bo‘lib o‘tgan. Ikkinchi bosqich dastlab 1 fevralga rejalashtirilgan edi, ammo ba’zi sabablarga ko‘ra kechiktirilgandi.
Muzokaralar arafasida Rossiya Ukrainadagi energetika infratuzilmasiga yangi zarbalar berdi. Kuchli sovuq ob-havo sharoitida bu hujumlar ko‘plab hududlarda issiqlik ta’minotining uzilishiga olib keldi.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil 28 dekabr kuni Tramp va Zelenskiy AQSHda muzokaralar o‘tkazgan edi. Uchrashuv yakunida tomonlar Ukrainada harbiy harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha ehtimoliy kelishuv masalasida pozitsiyalar sezilarli darajada yaqinlashganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, ular tartibga solishning asosiy parametrlari, eng avvalo hududiy masala va Donbassning kelajagi hanuz yechilmaganini tan oldi.
Jamshidbek Amirov