Ukraina Krasnodardagi neft ob’ektiga hujum qildi. Qurbon bor
Olam
−
09 aprel 3137 2 daqiqa
Bugun, 9 aprelga o‘tar kechasi Ukraina dronlari Rossiyaning Krasnodar o‘lkasidagi Krimsk shahriga hujum qildi. Bu haqda viloyat gubernatori Veniamin Kondratev ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hujum oqibatida ko‘p qavatli uyning balkonida bo‘lgan bir erkak halok bo‘lgan. Keyinchalik Krasnodar o‘lkasi tezkor shtabi yana uch kishi tan jarohati olganini xabar qilgan. Shtab ma’lumotiga ko‘ra, dron parchalari tushishi oqibatida yong‘in kelib chiqqan va ertalabga kelib o‘chirilgan.
Guvohlarning videoyozuvlarini tahlil qilgan “Astra” nashriga ko‘ra, hujum nishoni o‘lkadagi eng yirik neft haydash markazlaridan biri – Krimsk chiziqli ishlab chiqarish-dispetcherlik stansiyasi bo‘lgan. Ushbu stansiya bir nechta magistral quvurlar orqali neft va neft mahsulotlarini haydaydi hamda Novorossiysk portiga, shuningdek, Ilskiy va Afipskiy neftni qayta ishlash zavodlariga yetkazib berish zanjiridagi asosiy bo‘g‘in hisoblanadi.
Dronlar urilgandan so‘ng stansiyada yong‘in boshlangan. Mahalliy aholi bir soat ichida 20 dan ortiq portlash ovozlarini eshitgan. Hujum Krasnodar o‘lkasining boshqa aholi punktlariga ham ta’sir qilgan: Slavyansk-Kubanda dron parchalari uy tomini shikastlagan, Mekkerstukda esa dron turarjoy binosiga tushib, unga jiddiy zarar yetkazgan. Portlash ovozlari Krasnodar atrofida, shaharning janubiy qismida va Severskiy tumanining bir nechta qishloqlarida ham eshitilgan. Krasnodar va Gelenjik aeroportlari 8 aprel oqshomidan beri yopiq.
Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, tun davomida mamlakat hududlari – Krasnodar o‘lkasi, Astraxan va Kursk viloyatlari hamda Azov dengizi akvatoriyasi uzra jami 69 ta Ukraina droni urib tushirilgan.
Ma’lumot uchun, Krimskka qilingan hujum Ukraina Qurolli Kuchlarining Rossiya neft infratuzilmasiga zarbalar seriyasining bir qismi bo‘ldi. 6 aprel kuni dronlar Novorossiyskdagi “Shesxaris” terminaliga – Rossiyaning Qora dengizdagi eng yirik neft eksporti xabiga hujum qilgan edi (u yerdan kuniga taxminan 700 ming barrel neft o‘tadi). “Reuters” xabariga ko‘ra, hujumdan keyin terminal ishi to‘xtatilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya va Ukraina o‘zaro zarbalar almashgandi. Oqibatda Odessada uch kishi halok bo‘lgan, Novorossiyskda sakkiz kishi jarohatlangan edi.
Live
Barchasi